3 dekabr — «Xalqaro nogironlar kuni» munosabati bilan 5 dekabrda Karlar madaniyat saroyida «O‘zbekistonning oilaviy an’analari» nomli komik spektakl bo‘lib o‘tdi. Spektakl eshitishida nuqsoni bo‘lgan aktyorlar tomonidan ijro etilib, imo-ishora tilining ekspressivligini ochib berishni maqsad qilgan.

Spektaklni tomosha qilgan YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzade O‘zbekiston karlar jamiyati rahbari, sahna aktyorlari va jamiyat faollari bilan uchrashib, o‘z taasurotlari bilan bo‘lishdi.

«Iste’dodning hech qanday to‘siqlari yo‘q va nogironlar uchun to‘siqlarni biz boshda o‘ylab topganmiz, ularni yengish juda oson: siz turli xil sharoitlarda turli odamlar nimaga duch kelishlarini his qilishingiz kerak. Shu paytgacha tadbirlarda surdotarjimon imo-ishorada tarjima qilganiga guvoh bo‘lganman, bugun esa, ehtimol, zalda yagona bo‘lsa ham, eng iqtidorlilarni yaqinroq bilish uchun menga tarjima kerak edi. Mening imkoniyatlarim ko‘pchilikka nisbatan cheklangan edi, lekin meni ochiq mehr va tabassum bilan qabul qilishdi. Biz turlimiz, lekin biz tengmiz va bugun men o‘zimni ortiqcha inson sifatida his qilmadim. Ular jamiyatdan xuddi shunday munosabatni kutishadi», — dedi Munir Mammadzade.

Fotosuratchi Sherzod Madumarov ushbu tadbirdan fotoreportajini «Gazeta.uz» bilan bo‘lishdi.


Foto: Sherzod Madumarov.