Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga hamda Qibraydagi «Xalqaro moliya va texnologiyalar xususiy instituti»ga o‘qishni noqonuniy ko‘chirishga uringan shaxslar qo‘lga tushdi.

Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, Toshkent davlat agrar universiteti assistenti R.G. fuqaro F.dan uning ukasi U.ni tanishlari orqali Toshkent davlat texnika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning evaziga 4500 AQSh dollarini olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Jizzax viloyatida ham qayd etilgan. Unda fuqaro D.B. fuqaro F.ning Qozog‘istonda joylashgan «Taraz xalqaro innovatsiya instituti»dagi o‘qishini Qibray tumanida joylashgan «ISFT» «Xalqaro moliya va texnologiyalar xususiy instituti»ga ko‘chirib berishiga ishontirgan. Buning evaziga esa 3 ming dollardan 2700 dollarni olganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Har ikkala holat yuzasidan ham Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.