4 dekabr kuni 28 yoshli ayol Andijon davlat universiteti 4 qavatidan tushib ketdi. Bosh prokuratura matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ayol universitetga ushbu oliygohning 2-bosqich talabasi oila a’zosi sifatida ota-onalar majlisiga kelgan.

Majlis ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan «Tarix» fakultetining binosida bo‘lib o‘tgan. Shunda u binoning 4 qavatida uyali aloqa telefon apparatidan foydalanib, ehtiyotsizligi oqibatida tuzatilayotgan zinalardan yurgan. Ushbu zinalar to‘siqlar bilan o‘ralmaganligi sababli zinapoyadan pastga yiqilgan va og‘ir tan jarohati olgan.

Tekshiruv natijasida ushbu binoda ta’mirlash ishlarini olib borayotgan «S.Haus» MCHJ ishchilari tomonidan zinapoyalarning to‘siqlari olib tashlanib, qurilish ishlari amalga oshirilayotganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan «S.Haus» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Andijon shaxar IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Andijonda fuqaro uyida o‘zini osib qo‘ygani xabar berilgandi.