COVID-19'ning omikron shtammi 38 ta davlatda aniqlandi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirusning delta shtammi dominant variant bo‘lib qolmoqda. Yangi omikron shtammi hozirgacha 38 ta davlatda aniqlangan. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

«Hozirda omikron JSSTning barcha olti mintaqasi bo‘yicha 38 ta davlatda aniqlangan, bunda Afrikada infeksiyalarning asosiy o‘sishi qayd etilgan. Ammo „delta“ varianti dunyoda dominant bo‘lib qolmoqda», — dedi JSST eksperti Mariya van Kerxove onlayn sessiyada koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha savollarga javob berar ekan.


AQSh avtoritar rejimlar kuzatuv va repressiya uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar eksportini cheklaydi

AQSh avtoritar rejimlar tomonidan josuslik qilish, dissidentlarga bosim o‘tkazish va inson huquqlarining boshqa buzilishida foydalanishi mumkin bo‘lgan eksportni cheklash va texnologiyalarni litsenziyalash bo‘yicha xalqaro tashabbusni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus 9−10 dekabr kunlari onlayn bo‘lib o‘tadigan Demokratiya sammitida e’lon qilinadi.

Bayden ma’muriyati vakillari sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun AQSh bilan do‘stlik aloqalaridagi mamlakatlarga ushbu tashabbusga qo‘shilishni taklif qilmoqchi. Huquq himoyachilari, siyosiy dissidentlar, muxolifat jurnalistlari, faollar yoki aholining ayrim guruhlariga qarshi qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan texnologiyalar eksporti va litsenziyalanishini cheklash rejalashtirilmoqda — Kommersant’.


«Tolibon» ayollar huquqlari bo‘yicha maxsus farmon chiqardi

«Tolibon» oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda ayollar huquqlari bo‘yicha maxsus farmon chiqardi, deb ma’lum qildi Interfaks.

Farmon matni harakat nazoratidagi internet resurslarida e’lon qilindi. Hujjatda ta’kidlanishicha, harakat rahbariyati barcha tegishli mutasaddilarga, din ulamolari va qabila oqsoqollariga ayollarning quyidagi huquqlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishni topshiradi: turmush qurish uchun voyaga yetgan ayolning roziligi zarur, hech kim ayollarni turmushga majburlay olmaydi.

«Ayol boylik emas, olijanob va ozod insondir, hech kim uni hech kimga biron manfaat evaziga bera olmaydi», — deyiladi farmonda.


Sadir Japarov deputatlarning oyligini pasaytirib, xizmat mashinalaridan mahrum qildi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov respublika budjeti xarajatlarini optimallashtirish va davlat organlarining budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Hujjatda Jo‘g‘orqu Kenesh deputatlarini saqlash xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar e’lon qilindi, xususan, ularning lavozim maoshlari qisqartirildi. Jo‘g‘orqu Kenesh Toragasi (spikeri)ning maoshi 30 ming som (353 dollar), Toraga o‘rinbosariniki 27 ming som (318 dollar), deputatlar — 25 ming so‘m (295 dollar), fraksiya rahbarlari va qo‘mita raislariniki — 26 ming som (306 dollar) etib belgilandi.


«Tolibon» O‘zbekistonni afg‘on samolyot va vertolyotlarini qaytarishga chaqirdi

Toliblar O‘zbekistonni Afg‘oniston hukumati qulaganidan keyin afg‘on uchuvchilari mamlakatni tark etgan samolyot va vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Avgust o‘rtalarida Afg‘onistonning 22 ta harbiy samolyot hamda 24 ta harbiy vertolyoti Termiz xalqaro aeroportiga majburiy ravishda qo‘ndirilgan edi.