Fitch Rating agentligi prognozlariga ko‘ra, «O‘zbekgidroenergo» AJning keng qamrovli investitsiya dasturlari O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini muvozanatlashtirishga yordam beradi.

Investitsiya dasturlari natijasida 2030 yilga borib jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida issiqlik elektr stansiyalari ulushini 75 foizdan kamroq darajagacha qisqartirish imkonini berishi ta’kidlanmoqda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining qariyb 90 foizi uglevodorodlar (asosan tabiiy gaz va ko‘mir), qolgan 10 foizi gidroenergetika hissasiga to‘g‘ri keladi. Hukumat energetika sanoatining atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari sonini kamaytirish, shu orqali energetika sanoatida qayta tiklanadigan energiya manbalarining ulushini oshirishga intilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston 2018 yilgi Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida 2030 yilgacha YAIM birligiga nisbatan issiqxona gazlari (karbonat angidrid, metan, azot oksidi) ajratilishi hajmini 2010 yildagi bazaviy darajadan 35 foizga kamaytirishga va’da berdi. Ushbu majburiyatlarni bajarish uchun hukumat xorijiy xalqaro investitsiyalarni faol jalb qilmoqda.

Hukumat tomonidan tabiiy gaz tariflarining indeksatsiya qilinishi «O‘zbekgidroenergo» moliyaviy profilini ham qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi aytilmoqda.

«Biroq, «O‘zbekgidroenergo»ning asosan qarzlar hisobidan moliyalashtiriladigan agressiv investitsiya dasturini amalga oshirishi operatsiyalardan olingan mablag‘lar yalpi leveridji 2021−2024 yillarda o‘rtacha 5,0x dan biroz pastroq darajagacha pasayishiga (2020 yilda 2,9x), shu orqali korxona kredit ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada yomonlashishiga olib kelishi kutilmoqda», — deya ma’lum qilgan Fitch Rating.

Leveridj — bu investitsiya yoki loyihadan olinadigan daromadni oshirish maqsadida qarz mablag‘larini jalb qilish. Operatsiyalardan olingan mablag‘lar (OOM) yalpi leveridji ko‘rsatkichi kompaniya jami qarzlarining OOMga nisbati (masalan 5,0x — kompaniya qarz majburiyatlari hajmi OOMga nisbatan besh barobar ko‘p) bilan o‘lchanadi va kompaniyaning o‘z qarz majburiyatlarini OOM hisobidan qoplay olish qobiliyatini ifodalaydi.

Agentlik kutilmalariga ko‘ra, mamlakatda yirik GESlar, shu jumladan, 2025−2026 yillarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan Pskom (400 MVt) va Mullalak (150 MVt) GESlari qurilishi uchun jalb qilinadigan qarz mablag‘lariga hukumat kafolatlari berilishi davom etadi, bu esa 2021−2026 yillarda davlat tomonidan kafolatlangan qarzning ulushi 90 foizdan yuqori bo‘lishiga olib keladi.

Hukumat kompaniyaning barcha qarzlari bo‘yicha davlat kafolatlari orqali uni muntazam qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, kompaniya yaqin kelajakda kafolatlanmagan yevroobligatsiyalarni joylashtirishni rejalashtirmaganligi sababli agentlik oktabr oyida uning barqarorlik ko‘rsatkichini oshirgan edi (B+ dan BB- ga).

Noyabr boshida O‘zbekiston Iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari ajratilishi hajmini kamaytirish majburiyatlarini oshirgan, xususan 2030 yilga borib YAIM birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari ajratilishini 35 foizga (ilgari ko‘rsatilgan 10 foiz o‘rniga) kamaytirishga va’da bergan edi.

O‘zbekiston sharoitida issiqxona gazlari ajralishida asosiy hissa energetika — 76,3% va qishloq xo‘jaligi — 17,8% sohalariga to‘g‘ri keladi.

2030 yilgacha mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizini qayta tiklanadigan manbalardan ishlab chiqarish rejalashtirilgan.