Ijtimoiy tarmoqlarda yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Jamoat xavfsizligi konsepsiyasiga ko‘ra tumanlarda blok-postlar o‘rnatilishi haqida ma’lumotlar tarqaldi. IIV matbuot kotibi buning «asossiz, yolg‘on xabarlar» ekanligini ma’lum qildi.


Uning yozishicha, «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmonida bunday chora-tadbirlar keltirilmagan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy budjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrul-post xizmatining bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.

«Ijtimoiy tarmoq faollaridan axborotni buzib talqin etmasliklarini va rasmiy ma’lumot olish uchun ichki ishlar organlari axborot xizmatlariga murojaat etishlarini so‘raymiz», deyiladi IIV matbuot kotibi xabarida.