24 noyabr kuni Janubiy Koreyada koronavirusning «Omisron» shtammi qayd etildi, deb xabar bermoqda The Korea Times nashri.

Qayd etilishicha, Koreya fuqarosi bo‘lgan er-xotin 24 noyabr kuni Nigeriyadan tashrif buyurgan. Ularga 25 noyabr kuni COVID-19 tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng 29 noyabr kuni ularni aeroportdan kutib olib, uyiga olib borgan o‘zbekistonlik fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Keyinroq, o‘zbekistonlik bemorning oila a’zolari hamda tanishida ham COVID-19 testi ijobiy chiqqan. Koreya sog‘liqni saqlash idoralari ularning barchasi «Omisron» shtammini yuqtirgan, deb taxmin qilishmoqda.

Shuningdek, nigeriyalik er-xotinning farzandida va ular bilan yaqin aloqada bo‘lgan boshqa shaxslarda ham koronavirus qayd etilgan.

Rasmiylarning fikricha, bu vaqt ichida Koreyaning ikki fuqarosi, bir nafar o‘zbekistonlik va ularning oila a’zolari 270 ga yaqin kishi bilan muloqotda bo‘lgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarosida COVID-19 tashxisi qo‘yilganidan bir kun avval u Inchxon shahridagi diniy muassasaga tashrif buyurgan, u yerda 400 dan ortiq chet el fuqarosi yig‘ilgani aytilmoqda.

Noyabr oxirida JSST Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning B.1.1.529 shtammini «xavotirli variant» deb tasniflab, unga Omikron deb nom bergandi. Tashkilot uni virusning boshqa shakllariga qaraganda tezroq tarqalishi mumkinligini qayd etdi.