Qonunchilikda davlat xizmatchilari tomonidan qabul qilinadigan turli qimmatliklar miqdori va tartiblari qat’iy belgilanmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda davlat idoralari, ayniqsa, mahalliy hokimliklarga tadbirkorlar tomonidan homiylik sifatida turli qimmatliklar, shuningdek, ishlar va xizmatlar beg‘araz taqdim etilayotgani, davlat va shaxsiy masalalar aralashib ketayogani, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilayotgani holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, 30 noyabr kuni Latipova Ziyoda Baxromovnaga tegishli Mercedes Benz S500 Hybrid rusumli, davlat raqami 01M798NV bo‘lgan qora rangli yengil avtotransport vositasi hokimlikka ixtiyoriy ravishda beg‘araz (tekinga) sovg‘a qilingan edi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Toshkent shahar hokimligiga Mercedes-Benz sovg‘a qilinishida qonun buzilishi bo‘lmaganini aytdi.

«Gazeta.uz»ga ma’lum qilinishicha, prezident tomonidan davlat xizmatida sovg‘a olish-berish, shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha ishlab chiqilgan «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga «Sovg‘a siyosati» nomli alohida bob kiritildi. Unda davlat xizmatchilari qabul qiladigan sovg‘alarning miqdori va tartiblari qat’iy belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat xizmatiga ishga qabul qilish va unda faoliyat olib borishda qarindosh-urug‘chilik (nepotizm) kabi korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olish, bunday holatlarga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham ishlab chiqildi va kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi, deyiladi agentlik ma’lumotida.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Antikorrupsiya agentligi Toshkent shahar hokimligiga Mercedez-Benz sovg‘a qilingani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.