Jahon banki (JB) boshqaruvi Afg‘onistonga muzlatilgan aktivlaridan 280 mln dollar ajratishga qaror qildi. Mablag‘lar BMTning gumanitar inqirozni yengib o‘tishga ko‘maklashayotgan ikkita agentligi — Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) va Bolalar jamg‘armasiga (YUNISEF) o‘tkazib beriladi, deya xabar qildi Reuters.

Mablag‘larni o‘tkazib berish Jahon banki tomonidan boshqariladigan Afg‘oniston rekonstruksiya trast jamg‘armasining (ARTF) 31 ta donori tomonidan tasdiqlanishi kerak. AQSh va boshqa yirik donorlar uchrashuvi 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak. ARTF hisoblarida ushbu mamlakat uchun mo‘ljallangan 1,5 mlrd dollar to‘plangan.

Avvalroq BMT kelgusi yilda harbiy mojarolar va qashshoqlikdan aziyat chekayotgan umumiy aholisi 183 mln bo‘lgan mamlakatlarga 41 mlrd dollar ajratishga chaqirgan edi. Ulardan beshtasi — Afg‘oniston, Suriya, Yaman, Efiopiya va Sudan — eng ko‘p moliyalashtirishga muhtoj. Afg‘oniston ehtiyojlari uchun 4,5 mlrd dollar zarur va ehtiyoj kundan-kunga «katta sur’atlarda» o‘sib bormoqda, deya qayd etdi BMT.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avgust oyida SHHT sammitida Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi.