1 dekabrdan boshlab yer osti transportidagi yo‘l haqini to‘lash uchun foydalanilgan plastmassa jetonlar tarixga kirdi. Toshkent post-sovet hududidagi jeton to‘lovlarini bekor qilgan oltinchi shahar (Moskva, Boku, Tbilisi, Xarkov va Kiyevdan keyin) bo‘ldi. «Gazeta.uz» Markaziy Osiyodagi birinchi metroning jetonlari qanday o‘zgargani va dunyodagi eng yirik metro tizimlarida yo‘l haqi to‘lov tizimlari qanday bo‘lgani to‘grisida hikoya qiladi.

Toshkent metropoliteni

Toshkent metropoliteni 1977 yilning 6 noyabr kuni foydalanishga topshirilgan. Sovet ittifoqi davrida yo‘lovchilar yo‘l haqi uchun besh tiyinlik sovet tangalari bilan to‘lashgan. Biroq, Mustaqillikkadan so‘ng kun tartibida jetonlarni joriy etish masalasi ko‘tarildi.


1989 yilgi besh tiyinlik namunasi, mis-sink qotishmasi. Foto: Eugene Zelenko / Vikipediya

1992 yilning boshida «Sredazelektroapparat» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi metro uchun jetonlarning uch nafar alyuminiy namunalarini ishlab chiqardi. Barcha namunalarning umumiy tiraji taxminan 70 dona edi.


Alyuminiy jetonlarining namunalaridan biri. Foto: n-metro.ru.

Alyuminiy jetonlarning uchta variantidan hech biri sinovlardan o‘ta olmadi va yo‘lovchilar foydalanishi uchun ommaviy muomalaga kiritilmadi.

Ushbu urinishdan so‘ng, 1992 yilda «Sredazelektroapparat» jez jetonlarni zarb qilishni boshladi. Ular ham sinovdan o‘tkazildi. Kolleksionerlar ushbu jetonlarni tanga sirtining konturi bo‘ylab to‘g‘ri va noto‘g‘ri yozilgan matniga ko‘ra ikkita kichik turga bo‘lishadi.


To‘g‘risi chapda, noto‘g‘risi o‘ngda. Foto: n-metro.ru.

Agar matnni yoy yoki to‘g‘ri chiziqda kengaytirsangiz, nima uchun bitta variant to‘g‘ri, ikkinchisi noto‘g‘riligini tushunib yetasiz.


Yuqoridagisi to‘g‘ri. Foto: n-metro.ru.

Jami to‘rt turdagi jez jetonlari chiqarildi. Ular shrift qalinligi, kegl, matnning yuqorida tilga olingan «to‘g‘riligi» va «noto‘g‘riligi», tanganing jezdagi mis va ruxning foiz nisbatiga ko‘ra soyalari bilan bir-biridan farq qilgan.


«To‘g‘ri» namunadagi jez jetonining turlari. Foto: n-metro.ru.


«Noto‘g‘ri» namunadagi jez jetonining turlari. Foto: n-metro.ru.

Jetonlar ishlab chiqarilgan «Sredazelektroapparat» IICHB xodimlari forumlarda shunday yozadilar: «Qoliplovchi jez lentasini tugatayotganda, oxirgi marta bosim to‘liq kuchga kirmadi. Garchi uning tasviri jezda qolgan bo‘lsa ham, jeton kesilmadi». Shunday qilib, jez lentasidan esdalik sovg‘alari chiqdi. Masalan, breloklar.


Foto: coins.lave.ru.

«Toshkent metropoliteni» matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, plastmassa jetonlarni joriy etishning birinchi bosqichi 1992 yilda boshlangan. Ular ko‘k bo‘yoq va lyuminestsent plastmassadan yasalgan. To‘rt turdagi va ikkita kichik turdagi plastmassa jetonlar sinovdan o‘tkazilgan. Ulardagi metroning naqsh va emblemasi tasviri boshqalardan ajralib turardi.


Foto: n-metro.ru.

1993 yilda magnit kartalar paydo bo‘la boshladi. Biroq O‘zbekistonda kontaktsiz to‘lov tizimlari rivojlanmaganligi sababli ular tez orada bekor qilindi. 1994 yilda esa oylik obuna orqali metroda yo‘l haqini to‘lash imkoniyati paydo bo‘ldi va bir yildan so‘ng sayohat kartalari paydo bo‘ldi.

Bu yillar davomida sayohat uchun jez jetonlar orqali ham to‘lash ham mumkin edi. Ammo 1996 yil 1 yanvarda Toshkent metropoliteni ularni qabul qilishni to‘xtatdi, tizim nihoyat arzonroq plastmassa analoglarga o‘tdi.

Kolleksionerlarning yozishicha, har xil turdagi plastmassa jetonlarning tiraji qanchaligi ma’lum emas. Ammo tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, yuqoridagi fotosuratdagi jetonning tiraji 160 ming dona, pastdagi fotosuratdaginiki esa taxminan 5 million dona bo‘lgan.


Foto: n-metro.ru.

Jeton ishlab chiqarish texnologiyasi ranglar uyg‘unligi borasida xatolarga yo‘l qo‘ygan.


Foto: n-metro.ru.

2020 yil noyabr oyidan boshlab Toshkent metropoliteni jetonlarni sotishni to‘xtatdi, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab esa jetonlarni qabul qilish to‘xtatildi.


Ular transport kartalari bilan almashtirildi. Ushbu kartalardan qanday foydalanish to‘g‘risida batafsil qo‘llanmada aytib o‘tganmiz. Shuningdek, hozirda Toshkent metropolitenida Face Pay tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish sinovdan o‘tkazilmoqda.

London metropoliteni

Metro tarixi 1863 yil 10 yanvarda Angliya poytaxtida boshlangan. Bugungi kunda u dunyodagi eng katta tizimlardan biridir. Tarmoq umumiy uzunligi 400 km dan ortiq bo‘lgan 11 ta yo‘nalishdan iborat. Metro yo‘llarining atigi 45 foizi yer ostida joylashgan.

London metropoliteni uchun maxsus jetonlar hech qachon ishlab chiqarilmagan. Bu yo‘l haqi bosib o‘tgan masofaga bog‘liq bo‘lgan tizimlar uchun odatiy holdir. Yo‘lovchilar boshida kassirlar tomonidan sotilgan chiptalar bilan yo‘l haqini to‘lashardi.


Foto: metadyne.

Biroq, o‘tgan asrning boshlaridayoq tizim avtomatlashtirila boshladi.


Foto: nycsubway.

1960 yillarning oxiridan boshlab Buyuk Britaniya jamoat transportida, shu jumladan metroda yo‘l haqi uchun turli nominaldagi jetonlar paydo bo‘ldi.


Foto: Viniremonet.ru

Bugungi kunda metroda yo‘l haqi Oyster transport kartalari orqali to‘lanadi. Ular, shuningdek, avtobuslar, tramvaylar va shaharlararo poyezdlarda sayohat qilganda yo‘l haqini to‘lash uchun ishlatilishi mumkin.


Foto: Frank Murmann / Vikipediya.

Nyu-York metropoliteni

Nyu-York metrosi bekatlar soni bo‘yicha dunyodagi eng katta tizim bo‘lib, ularning dastlabkisi 1868 yilda ochilgan va u yer ustida bo‘lgan.

XX asr mobaynida Nyu-York metrosi uchun to‘lov shakllari tez-tez o‘zgarib turdi. O‘tgan asrning boshlarida besh va o‘n sentlik tangalar qabul qilingan. Keyinchalik yo‘lovchilar jetonlardan foydalanishni boshladilar, ularning dizayni ham o‘zgardi.


Foto: nycsubway.

1990 yillarning boshlarida Nyu-York metrosi magnitli metro kartalarini joriy qila boshladi, ammo jetonlar 2003 yilgacha qabul qilinishda davom etdi.


Foto: Piergiuliano Chesi / Vikipediya.

Bugun Nyu-York metrosida kontaktsiz to‘lov turniketlari o‘rnatilgan.

Moskva metropoliteni

Moskva metrosida yo‘l haqini to‘lashning batafsil tarixi metro.ru loyihasi tomonidan hikoya qilingan.

1935 yilda Sovet Ittifoqida birinchi metro tizimining ochilishi bilan hukumat yo‘lovchilar o‘tishini nazorat qilish uchun metroda turniket o‘rnatishni rejalashtirgan. Ular uchun maxsus teshikli jetonlar ishlab chiqilgan.


Foto: metro.ru.

Jetonlardan foydalanish noqulay bo‘lib qolgani uchun ular chiptalar bilan almashtirildi. Metroga kirishda nazoratchilar chiptalarni qo‘lda yirtishardi va komposterlashardi. Karton chiptalar va yirtiladigan talonlar 1980 yilgacha ishlatilgan.


1935 yildagi bilet. Foto: Sealle / Vikipediya.

Jetonlarni joriy qilish bo‘yicha ikkinchi tajriba 1952 yilda o‘tkazilgan. 1958 yilda metroda avtomatik turniketlar o‘rnatila boshlandi, bir yildan so‘ng esa ular bir nechta seriyada ishlab chiqarila boshlandi.


Foto: metro.ru.

1961 yildan turniketlar 5 tiyinlik tangalarni qabul qila boshladi. 1992 yildan beri metro oq metalldan yasalgan metall jetonlarga, shuningdek, jez bilan qoplangan po‘lat jetonlarga qaytdi (rasm quyida — tahr.).


Foto: metro.ru.

Bu jetonlar atigi 11 oy muomalada bo‘ldi va 1992 yil 15 noyabrgacha amal qildi.


Foto: metro.ru.

1992 yil noyabr oyidan plastmassa jetonlar joriy etildi. Jetonning yarmini ikki qismga bo‘lib, turniketga tushirish mumkin edi — qurilma faqat jeton orqali o‘tgan yorug‘lik spektriga reaksiyaga kirishardi. 1999 yil 15 yanvardan boshlab jetonlar sotilmasligi, 1 fevraldan esa qabul qilinmasligi belgilandi. Moskva magnit kartalarga o‘ta boshladi.

Bugungi kunda yo‘l haqini magnit va kontaktsiz kartalar bilan to‘lash mumkin. Joriy yilning oktabr oyida Moskva metropoliteni sinov rejimida yangi Face Pay to‘lov tizimini joriy qildi. Moskva jamoat transporti uchun yuzni tanib olishning bunday shkalasiga erishgan dunyodagi birinchi shahar bo‘ldi, deydi shahar ma’muriyati.