Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida internet orqali sintetik narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi, deya xabar berdi DXX matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, guruh a’zolari Toshkent shahrida 3 ta xonadonni ijaraga olib, «mefedron» sintetik narkotik moddasini yashirin laboratoriya sharoitida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.


Ushbu xonadonlarda umumiy miqdorda 892 gr mefedron, 45 gr alfa-PVP (sintetik psixostimulyator) sintetik narkotik moddalari, xom-ashyo sifatida foydalaniladigan 360 litrdan ortiq zaharli kimyoviy moddalar va prekursorlar hamda zarur asbob-uskunalar, himoya vositalari borligi aniqlangan.

Shuningdek, guruh a’zolari tomonidan yashirib qo‘yilgan 898 gr mefedron moddasi, 15 litr va 12 kg miqdorida turli xil kimyoviy moddalar hamda 8 litr bromketon (reaktiv) olib qo‘yilgan.


Bundan tashqari, narkotik vositalarining savdosi orqali topilgan 113 770 AQSh dollari ko‘rinishidagi bitkoin kriptovalyutasi musodara qilingan.

Ta’kidlanishicha, guruh a’zolari 1992−2000 yillar oralig‘ida tug‘ilgan shaxslar bo‘lib, ularning 3 nafari Toshkent shahridagi hamda xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari talabalari hisoblanadi.


Qayd etilishicha, sintetik giyohvand moddalarni O‘zbekistonga xorijiy davlatlardan olib kelinishi holatlari ham kuzatilmoqda.

Xususan, Toshkent shahrida yashovchi, 1996 y.t., muqaddam sudlangan shaxs yuk avtomashinasida chet eldan keltirilgan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kg 994 gr mefedron va 499 gr spays moddalarini hamda 6 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olingan.


Bundan tashqari, 1984 y.t. fuqaro ham xorijdan yuk avtomashinasida olib kelingan elektrosamokat ichiga yashirib qo‘yilgan 500 gr «geroin», 947 gr «gashish», 500 dona LSD nomli sintetik narkotik modda hamda 60 dona gashish moyi kapsulasini qabul qilib olgan vaqtida ushlangan.


Aniqlanishicha, mazkur shaxslar Toshkent shahrida internet tarmog‘i orqali narkotik moddalarni sotish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhning faol a’zolari hisoblanadi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.