O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 30 noyabrdagi farmoni bilan «O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasi» tasdiqlandi.

Unda qayd etilishicha, jamoat xavfsizligi konsepsiyasi milliy xavfsizlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini belgilovchi muhim hujjat hisoblanadi.

Konsepsiyada jamoat xavfsizligi sohasidagi asosiy tushunchalarga izoh berib o‘tilgan. Jumladan, jamoat xavfsizligi — jamiyatning qonunga xilof tajovuzlar, ijtimoiy va millatlararo nizolar, favqulodda vaziyatlar va boshqa tahdidlardan himoyalanganlik holati bo‘lib, u jamiyatning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi hamda insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlashга davlat tomonidan jamiyatni tahdidlardan himoya qilish uchun belgilangan hamda doimiy ravishda takomillashtirib boradigan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni qamrab oluvchi yaxlit tizim, deya izoh berilgan.

Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, jumladan, quyidagilardan iborat:

  • har qanday ko‘rinishdagi terroristik va ekstremistik faoliyatni aniqlash va unga chek qo‘yish, korrupsiya, giyohvand va psixotrop moddalar, qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar, noqonuniy migratsiya va odam savdosi hamda inson huquq va erkinliklariga qarshi qaratilgan jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish;
  • ijtimoiy infratuzilmaning, shu jumladan turizm obyektlarining uzluksiz va xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash;
  • transport infratuzilmasini, transport vositalarining xavfsizlik standartlarini va yo‘l harakati qoidalarini takomillashtirish orqali yo‘l-transport hodisalari oqibatida yetkaziladigan zarar va o‘lim bilan bog‘liq holatlarning oldini olish;
  • jinoyat sodir etishga moyil, ma’muriy va probatsiya nazoratiga olingan hamda yot bo‘lgan g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan shaxslarning ijtimoiylashuvi, shu jumladan ularni kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali ushbu toifadagi fuqarolar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • aholi va hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan himoya qilish, fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligini ta’minlashda aholining ko‘nikmalarini shakllantirish va doimiy takomillashtirib borish va boshqalar.

Konsepsiyani amalga oshirishning pirovard natijasida jamoat xavfsizligini, aholining tinchligi va osoyishlatiligini ta’minlashning sifat jihatdan yangi tizimini samarali tatbiq etish, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashning ishonchli va samarali mexanizmlarini joriy etish hisoblanadi, deyiladi konsepsiyada.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning prezidentning 26 martdagi farmonida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash ko‘zda tutilgan edi.