«Navbahor» futbol klubining sobiq murabbiyi Andrey Kanchelskis unga noma’lum shaxslar tahdid qilganligi sababli politsiyaga murojaat qildi. Bu haqda «Eurosport.ru» nashri yozmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 noyabr kuni kechqurun kafeda o‘tirgan paytida bir nechta noma’lum shaxslar uning yoniga kelib, «Navbahor» klubidan olishi kerak bo‘lgan 1,6 mln yevro mablag‘ning miqdorini pasaytirishini talab qilishgan. Sobiq murabbiyga 1,6 mln yevro o‘rniga 80 ming yevro miqdoridagi tovon puliga rozi bo‘lishini so‘rashgan. Agar u buni rad etsa, Kanchelskisni nogiron qilib qo‘yishlarini aytib tahdid qilishgan.

Ma’lumot uchun, FIFA «Navbahor» klubi sobiq murabbiy bilan shartnomani buzgani uchun Kanchelskisga 1,6 million yevro to‘lashi kerakligi bo‘yicha qaror chiqargan edi.

«Navbahor» klubi Kanchelskisga uyushtirilgan tahdid yuzasidan bayonot berib, klub FIFAning kompensatsiya to‘lash haqidagi qarori bo‘yicha Xalqaro Sport arbitraj sudiga (CAS) apellyatsiya yo‘llaganini ma’lum qildi.

Klub jarayonga xorijlik huquqshunos-yuristlar, soha mutaxassislarini jalb qilganligini ta’kidlab, klub tomonidan arbitraj sudiga taqdim etilgan dalil-isbotlar «sud ishida yutib chiqish imkonini berishini» qayd etgan.

«Andrey Kanchelskis shaxsi bilan bog‘liq bu kabi ma’lumotlarning internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilishi rossiyalik mutaxassisning kelgusida CAS`da o‘zini oqlash uchun qilinayotgan, o‘z navbatida, «Navbahor»ga qarshi foydalanish uchun o‘ylab topilgan uydirma va bo‘htonlar bo‘lishi mumkinligini ham inobatga olish darkor», deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, «Navbahor» va klub manfaatlarini himoya qilayotgan yuristlar ushbu hodisadan ancha oldin xabardor bo‘lishgan. Andrey Kanchelskisning yuristlari hodisa bo‘yicha klub yuristlari bilan bog‘lanishganda, klub bu hodisadan xabari yo‘qligini, lekin holat yuzasidan har qanday yordam berishga tayyorligini ma’lum qilgan, deyiladi bayonotda.

Ma’lumot uchun, Andrey Kanchelskis 2018—2019 yillarda «Navbahor» klubiga murabbiylik qilgan. 2019 yilning iyun oyida esa o‘z lavozimini tark etgan. Biroq, undan ikki oy o‘tib, rossiyalik sobiq murabbiy yana o‘z lavozimiga qaytarilib, mutaxassis bilan uch yillik shartnoma imzolangandi.

Avvalroq, Kanchelskis koronavirusga chalinganligi va shifoxonalar bandligi sababli darhol shifoxonaga yota olmaganligi haqida xabar berilgan edi.