Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2 dekabr kuni qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va aholini uy-joy bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, kelgusi yil mamlakatda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan. Bunga qariyb 13 trln so‘m maqsadli kredit va 1,3 trln so‘m subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Aholi va quruvchilarga yangi qulaylik va imkoniyatlar belgilandi. Masalan, bugungi kungacha ipoteka krediti va subsidiya olishda uy-joy maydoni va narxi bilan bog‘liq cheklovlar bor edi. Endi bunday cheklov bo‘lmaydi.

Sotib olinadigan xonadonning maydoni va narxidan qat’iy nazar, ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 mln so‘m subsidiya to‘lanadi. Shuningdek, ehtiyojmand aholi uchun davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil — 10 foiz etib belgilanadi. Subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va ta’mirlash uchun olingan kreditlar uchun ham tatbiq etiladi.

Yana bir yangilik — ipoteka krediti olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafilligiga ham ruxsat beriladi.

Kelgusi yildan ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi bo‘lganlarga ikkilamchi bozordan uy olishga ham imkoniyat yaratiladi.

Davlat rahbari odamlarga oson bo‘lishi uchun yangi uylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bir joyda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

«Maqsadli ipoteka omonati» mexanizmi joriy etilishi belgilandi. Bunda «xaridor — bank — quruvchi» o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyning xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi.

Bosh prokuraturaga qurilish narxlarini asossiz oshirish, raqobatni buzish, tasdiqlangan loyihalarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish, tanish-bilishchilikka yo‘l qo‘ymaslik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.