Haydovchilarga quloqchin yoki bluetooth orqali telefondan foydalanishga ruxsat etildi

O‘zbekistonda haydovchilarga harakat vaqtida quloqchin va qo‘l ishlatmasdan muloqot olib borish imkonini beruvchi boshqa qurilmalar orqali telefondan foydalanishga ruxsat berildi. O‘zgarishlar 1 dekabrdan kuchga kirdi.


O‘zbekiston bank tizimi: umumiy holat va istiqbollar

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev O‘zbekiston bank tizimi holati haqida umumiy ma’lumot berib, uni rivojlantirishning istiqbolli bosqichlarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, dollarlashuv darajasini pasaytirish maqsadida Moliya vazirligi huzurida xedj-fond tashkil etilmoqda, valyuta kreditlarini jalb qilishda esa «ehtiyotkorlik siyosati» olib boriladi. 2025 yilda bank sektoridagi hukumat ulushini 40 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.


Yangi yil bayramini oila davrasida nishonlash tavsiya etildi

Respublika maxsus komissiyasi o‘zbekistonliklarga yangi yil bayramini oila davrasida nishonlashni tavsiya etdi.


Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Misr va boshqa davlatlardan kelganlar karantinga joylashtiriladi

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Italiya, Misr va boshqa ayrim davlatlardan O‘zbekistonga kirib kelayotganlar o‘n kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi. Xorij davlatlaridan mamlakatga keluvchilarning barchasi koronavirusga PZR test natijasi manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumotnomaga ega bo‘lishi lozim.


O‘zbekiston 10 ta davlat bilan xalqaro aviaqatnovlarni to‘xtatdi

Koronavirusning yangi «omikron» shtammi O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun Janubiy Afrika Respublikasi, Botsvana, Namibiya, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Lesoto, Esvatini, Tanzaniya va Gonkong xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatildi. Mazkur davlat fuqarolari va so‘nggi 2 hafta ichida ushbu davlatlarda bo‘lganlar O‘zbekiston hududiga kiritilmaydi.


1 martdan boshlab haydovchilik guvohnomasi o‘rniga pasport ham o‘tadi

Haydovchilarning yonida pasport (ID-karta) mavjud bo‘lgan taqdirda, ulardan haydovchilik guvohnomasi, texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisini olib yurish talab etilmaydi. O‘zgartishlar 3 oydan keyin — 1 martdan kuchga kiradi.


Ukraina fuqarosi moliyaviy piramida yaratganlikda gumonlanib, hisbga olindi

IIV huzuridagi Tergov departamenti Ukraina fuqarosi asos solgan Golden cash store xorijiy korxonasini moliyaviy piramida tashkil etganlikda ayblamoqda. Tergovga ko‘ra, gumondor oltin va kumush mahsulotlarni ishlab chiqarishga sarmoya kiritish orqali uning sotuvidan yillik 260 foiz daromad ko‘rishni taklif qilgan. Foizlar esa yangi mijozlar hisobidan to‘lab berilgan.


O‘zbekistonliklarga «Umra» safarini ado etishga ruxsat berilishi kutilmoqda

Shu kunlarda O‘zbekiston fuqarolariga «Umra» safarini ado etishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Ushbu masalani hal etish uchun muftiy Nuriddin Xoliqnazarov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.


O‘zbekistonda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish bo‘yicha ilk laboratoriya tashkil etildi

O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyi qoshida arxeologik topilmalarni o‘rganish va tiklash bo‘yicha bo‘yicha birinchi laboratoriya ishga tushirildi. Loyiha Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.


Turin politexnika universiteti talabasi o‘ldirilgan voqea tafsilotlari ochiqlandi

Poytaxt IIBB Turin politexnika universitetining 18 yoshli talabasi o‘ldirilishiga oid voqea tafsilotlari yuzasidan ma’lumot berdi. Voqea aslida muassasaning 1 kurs talabalari o‘rtasidagi mojaroga aralashish oqibatida kelib chiqqani aytilmoqda. Talabaning o‘limi yuziga tushgan zarba va buning oqibatida miyada qon quyilishi sabab bo‘lgan. Gumonlanuvchi 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.


Avtomobilning old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun jarima bekor qilindi

Transport vositasi salonining old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun javobgarlik bekor qilindi. Biroq, harakat vaqtida ulardan dasturlarni tomosha qilishda foydalanish taqiqlanganicha qolmoqda.


Noyabr oyida inflyatsiya 1,2%ni tashkil qildi

Oziq-ovqat mahsulotlari oy davomida 1,9% ga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,8% ga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5% ga qimmatlashdi.


Eng ko‘p chakana savdo Toshkent shahrida amalga oshirilgan

Respublika hududlari kesimida kichik tadbirkorlik subyektlarining eng ko‘p chakana savdo tovar aylanmasi hajmi bo‘yicha, joriy narxlarda yalpi ichki mahsuloti hajmi bo‘yicha va tashqi savdo aylanmasi yuqoriligi bo‘yicha ham Toshkent shahri yuqori o‘rinni egallagan. Tovarlar eksport-importi bo‘yicha eng past ko‘rsatkich esa Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelgan.


Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev tasvirlangan yangi banknotalar muomalaga chiqariladi

Qozog‘istonda Milliy bank tomonidan davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan Nursulton Nazarboyev surati tushirilgan, nominal qiymati 20 ming tenge bo‘lgan banknotalarni muomalaga chiqaradi. Shu bilan birga, 2015 yil namunasidagi nominal qiymati ushbu miqdorda bo‘lgan to‘lov vositalari ham qonuniy bo‘lib qoladi. Pullar dekabr oyining birinchi o‘n kunligida muomalaga chiqariladi.