25 noyabr kuni Turin politexnika universiteti binosi oldidagi mojaro natijasida 18 yoshli talaba vafot etgani haqida yozgandik.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu universitetning 1-kurs talabalari Sunnat va Muhammadazizlar o‘zaro yarashib olishga kelishgan va qo‘l berishgan. Xuddi shu paytda universitetning 1-kurs talabasi Samandar kelib, ulardan o‘zaro yarashib olganini so‘ragan.

Voqeani kuzatib turgan jabrlanuvchi Sherzod ismli yana bir talaba ularga yaqinlashib, Samandarni voqeaga aralashmasligini talab qilgan. Yoshlar mojarosi chiqqan joyga Samandarning universitet talabasi bo‘lmagan do‘stlari Abbos va Alimbek ham aralashgan.

Og‘zaki janjal paytida Sherzod Abbosni haqoratlagan, shundan so‘ng, u Sherzodning yuziga urgan. Zarba oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, o‘limga bosh miya yopiq jarohati va miya to‘qimalariga qon quyilishi sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, voqea ishtirokchilarining ikkalasi ham 18 yoshda bo‘lgan.

Gumonlanuvchi muqaddam sudlanganligi ma’lum qilindi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u talabani o‘ldirishni istamagan. Mazkur holat yuzasidan Abbosga nisbatan Jinoyat kodeksi 104-moddasi 3-qism «b» bandiga (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, natijada jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan holat) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ehtiyot chorasi sifatida gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Unga 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.