Noyabrda iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar o‘rtacha 1,2%ga qimmatlashdi. Yil boshidan iste’mol sektorida narxlarning o‘sish darajasi 8,6% ni, yillik nisbatda esa 10,3% ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi hisobotida ma’lum qilindi.

Noyabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,9% ga oshdi. Ushbu davrda, nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,8% ga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5% ga oshdi.

Yillik nisbatda, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 13,4% ga oshib, uchta asosiy guruhlar orasida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. 2020 yilning noyabr oyidan nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 7,9% ga, xizmatlar — 8,1% ga oshgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar

Noyabrda asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavotlardan tashqari) oy davomida sezilarli darajada narxlar o‘sishi tuxum (5,4%), sut va shakar (4,1%), tovuq boldiri va son qismlari (3,9%), boshqa tovuq go‘shti (3,7%) narxlarida qayd etildi. Bug‘doy uni narxlari oy davomida 1,6% ga oshdi. Shu bilan bir qatorda, barcha navdagi guruchlar va guruch oqshog‘I (-0,8%) hamda mol va qo‘y go‘shti (0,1−0,8% chegarasida) narxlarida pasayish qayd etildi.

2021 yilning yanvar-noyabrida mahsulotlarning asosiy guruhlari orasida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan yog‘-moy mahsulotlari (25,8%), sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (13,6%) hamda shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (13,0%) o‘rin olgan.

O‘tgan oyda meva-sabzavot mahsulotlaridan pomidor (1,5 barobarga) va bulg‘or qalampiri (1,4 barobar) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik qildi. Bodring va baqlajon (1,3 barobarga) hamda karam (15,8%), sarimsoq (13,7%) va kartoshka (10%) boshqalarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi. Oy davomida narxlarning pasayishi bo‘yicha sabzi (-24,9%), sholg‘om (-8,3%), turp (-7,0%), lavlagi (-5,2%), limon (-4,4%) va banan (-3,5%) yetakchilik qildi. Narxlar oshishi bo‘yicha yil boshidan ham, yillik nisbatda ham sabzi (1,7 barobarga) yetakchilikni ushlab turishda davom etdi.

Spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlari

Noyabrda spirtli ichimliklar 1,2% ga, jumladan, spirtli ichimliklar va likyorlar 1,3% ga, pivo 1,2% ga, vino 0,9% ga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari ushbu davrda 0,4% ga qimmatlashdi.

Yillik nisbatda spirtli ichimliklar o‘rtacha 10,5% ga, tamaki mahsulotlari narxlari 12,5% ga oshdi.

Turar joy ijarasi, suv, ellektr toki, gaz va boshqa yonilg‘i turlari

Noyabr oyida turar joy ijarasi uchun to‘lovlar oy davomida 1,2% ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, asosiy turdagi kommunal xizmatlar tariflari va narxlari o‘tgan oydagi darajada o‘zgarishsiz qoldi.

Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar 0,8% ga qimmatlashdi. Qator hududlarda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha to‘lovlari qimmatlashdi (0,6−0,8% chegarasida).

Sog‘liqni saqlash

Sog‘liqni saqlash sohasida kuzatiladigan asosiy tovarlar va xizmatlardan o‘tgan oyda immunizatsiya bo‘yicha xizmatlari (1,1%) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Yil boshidan hamda yillik nisbatda narxlarning yuqori darajada oshishi bo‘yicha diagnostika vizualizatsiyasi va tibbiy laboratoriyalar xizmatlari (mos ravishda 10,9% va 12,6%) yetakchi bo‘ldi

Transport

Noyabr oyida benzin narxlarning oshishi bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. Oy davomida benzin yana 9,8% ga qimmatlashdi. Propan esa aksincha, oy davomida respublika bo‘yicha o‘rtacha 7,2% ga arzonlashgan bo‘lsa, metan narxlari o‘tgan oy darajasida qoldi.

Yil boshidan benzin narxlari 1,6 barobarga, propan 18,3% ga, metan 3,5% ga qimmatlashdi. 2020 yilning noyabriga nisbatan, benzin 1,7 barobarga, propan 13,4% ga, metan 4,7% ga qimmatlashdi.

Mazkur bo‘limning boshqa tovarlar va xizmatlar guruhlari orasida 11 oyda va yillik nisbatda ham shaxsiy avtomobillarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar boshqalarga nisbatan sezilarliroq (mos ravishda 14,5% va 17,9%) qimmatlashdi.

Ta’lim sohasidagi xizmatlar

O‘tgan oyda ta’lim sohasida repetitorlar xizmatlari (1%) hamda chet tili va shunga o‘xshash ta’lim kurslarida o‘qish (0,7%) uchun to‘lovlarning oshganligi qayd etilgan bo‘lsa, oy davomida pullik maktabgacha va oliy ta’lim sohalaridagi narxlar darajasi o‘zgarishsiz qoldi.

2021 yilning yanvar-noyabr oylarida, shuningdek yillik nisbatda ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlariga (15,0%) tegishli bo‘ldi.

Restoranlar va mehmonxona xizmatlari

Kafe va oshxonalardagi tayyor taomlar oy davomida 2,4−2,9% chegarasida qimmatlashdi.

Otellar, mehmonxonalar va shu kabi mehmonxonalar hamda dam olish markazlari xizmatlari qiymati o‘tgan oy darajasida qoldi.

Yanvar-noyabr oylarida, shuningdek, yillik nisbatda ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik dam olish markazlari xizmatlariga tegishli bo‘lib, ularning narxlari 18,2% ga oshdi.