O‘zbekistonda haydovchilarga transport vositasini boshqarish vaqtida uyali aloqaning xavfsiz va qo‘lni band qilmaydigan texnik vositalari — quloqchin va bluetooth orqali foydalanishga ruxsat berilmoqda. 30 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev tegishli qonunni imzoladi. O‘zgarishlar 1 dekabrdan kuchga kirdi.

Yangi tahrirdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−1-moddasiga muvofiq, transport boshqaruvi vaqtida ruxsat etilgan qurilmalar orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefondan foydalanish BHMning 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Jarima qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan ushbu huquqbuzarlik uchun sanksiya moddadan chiqarib tashlangan. Avval bunga BHMning 4 baravari miqdorida jarima yoki 6 oygacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.

«Gazeta.uz» mazkur o‘zgartishlar avgust oyida Adliya vazirligi tomonidan taklif etilgani haqida yozgandi. Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, hozirda deyarli barcha avtomobillar aloqa qurilmalari bilan jihozlangan va ko‘pchilik mamlakatlarda boshqaruv vaqtida bluetooth orqali telefonda muloqot qilish mumkin.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 18 oktabrda, Senat tomonidan esa 19 noyabrda ma’qullangan edi.