Kelgusi besh yilda O‘zbekistonda 740 MVtlik 21 ta yirik GES qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Loyiha 30 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevga taqdim etildi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Kelgusi yilda — 170 MVtlik 7 ta, 2023−2024 yillarda — 150 MVtlik 12 ta hamda 2025−2026 yillarda — 420 MVtlik 2 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Prezident «ushbu inshootlarni sifatli qurish va barqaror ishlashini ta’minlash» bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, deyiladi xabarda.

«O‘zbekgidroenergo» kompaniyasi qayta tashkil etilgan 2017 yildan beri 11 ta yangi GES qurildi va yana 8 tasi modernizatsiya qilindi. Natijada qo‘shimcha 244 MVtlik elektr energiya quvvati yaratildi. Shunga qaramasdan, O‘zbekistonning gidroenergetik salohiyatining yarmidan foydalanilmoqda, deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev to‘g‘on talab etmaydigan kichik gidrostansiyalar qurish masalasiga alohida e’tibor qaratib, bunga xususiy sektorni jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Bugungi kunda 22 ta shunday istiqbolli maydon ro‘yxati shakllantirilgan. Ularda quvvati 5 megavattgacha bo‘lgan mini GES qurish bo‘yicha tender e’lon qilinishi belgilandi.

Prezident shuningdek, Norin, So‘x, Tanxoz, Oq buloq, Ugam kabi daryolar va kanallarda 500 kVtgacha quvvatga ega ixcham gidrostansiyalar o‘rnatish imkoniyati borligini qayd etdi. Bunday joylar ro‘yxati aholi va tadbirkorlarga e’lon qilinadi.

Bunda quyosh, shamol elektr stansiyalari o‘rnatgani uchun aholi va tadbirkorlarga qanday imtiyozlar berilgan bo‘lsa, kichik gidrostansiyalar uchun ham shunday imtiyoz va subsidiyalar qo‘llanilishi belgilandi.

Gidroinshootlarni ishlatish uchun malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Texnika, irrigatsiya va arxitektura yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlarida bunga alohida ahamiyat qaratish, ularda qurilish hamda gidravlik laboratoriyalar tashkil etish zarurligi qayd etildi.