Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-noyabr kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi “Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi"ga o‘zgartish kiritishga oid qonunni imzoladi.

Moddaga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, haydovchi yonida biometrik pasporti yoki ID-karta mavjud bo‘lsa, undan transport vositasini boshqarishga ruxsat beruvchi va transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi hujjatlar, ishonchnoma va fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi talab etilmaydi.

O‘zgartishlar hujjat rasman e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tib — 2022-yilning 1-mart sanasidan kuchga kiradi.

Qonun bilan IIVga shu vaqtga qadar ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha yagona elektron tizimda DYHXX xodimlari tomonidan yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlar haqida ma’lumotlarni planshetlar va kompyuterlar orqali tekshirish imkoniyatini yaratish vazifasi yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘zgartishlarni avgust oyida Adliya vazirligi tomonidan taklif etilgan. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 18-oktabrda qabul qilinib, Senat tomonidan esa 19-noyabrda ma’qullangan.