Valyuta boyliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazganlik uchun jazo choralari yumshatildi. Bu haqda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun 30 nobyar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Kodeks 170 moddasining yangi tahririga ko‘ra, valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish valyuta boyliklari musodara qilingan holda 15 sutkagacha (oldin to‘liq 15 sutka) ma’muriy qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.

Ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 20 baravarigacha (oldin 20 BHM) jarima qo‘llaniladi.

O‘zgarishlar 1 dekabrdan boshlab amal qiladi. Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 18 oktabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 19 noyabrda ma’qullangan.