UzAuto Motors kompaniyasi 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida yetkazilishi kutilgan avtomobillar 2 oyga kechiktirilishini ma’lum qildi.

Kompaniya avtomobilni yetkazib berish bo‘yicha ilgari tuzilgan shartnomalarga o‘zgartirish kiritishga majburligini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, UzAuto Motors kompaniyasiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli, yarimo‘tkazgichlardan tayyorlangan butlovchi qismlar yetishmovchiligi hamda global logistika muammolari sababli, kompaniya shartnomaning 3,1,1 bandini qo‘llashga hamda avtomobillarning kutilayotgan yetkazib berish muddatini 2 oyga uzaytirishga majbur bo‘lgan.

Kompaniya ushbu ekstremal chora iste’molchilar tomonidan to‘g‘ri tushunilib qabul qilinishiga umid bildirgan. Shuningdek, kompaniya uzoq kutilgan avtomobillarni imkon qadar tezroq yetkazilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini keltirib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Captiva 5 avtomobilini yetkazib berish bo‘yicha bekor qilingan shartnomalarning mablag‘larini qaytarishini va kompensatsiya amalga oshirishini ma’lum qilgandi.