Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva BMT Ayollar qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori va Turkiyadagi vakili Aliya Al-Yosir bilan uchrashdi.

«Aliya xonim O‘zbekistonning so‘nggi yillarda gender masalalarini hal etish bo‘yicha erishgan natijalariga yuqori baho berdi», — deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram`dagi kanalida.

Saida Mirziyoyeva va Aliya Al-Yosir.

Ta’kidlanishicha, Aliya Al-Yosir Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan qizlar uchun yozgi maktab yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, u O‘zbekistonda BMT Ayollar qo‘mitasining vakolatxonasini ochish taklifini bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, BMTning Ayollarga nisbatan diskriminatsiyani yo‘qotish bo‘yicha qo‘mitasi Ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi конвенцияга a’zo davlatlarni nazorat qiluvchi mustaqil ekspertlardan tashkil topgan. Qo‘mita butun dunyodan ayollar huquqlari bo‘yicha 23 nafar mutaxassisni o‘zida jamlagan.

Konvensiyani qabul qilgan davlatlar qo‘mitaga munzatam ravishda ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’ruza taqdim etib borishlari lozim. Qo‘mita esa o‘zining sessiyalari davomida har bir ishtirokchi-davlat ma’ruzasini ko‘rib chiqadi va yakuniy xulosa tariqasida o‘zining fikrlari va tavsiyalarini beradi.