Toshkentda 3 300 dollarni 35,3 mln so‘mga sotib olgan shaxs qo‘lga olindi

Poytaxtda fuqara boshqa bir shaxsdan 3 300 dollarni 35,3 mln so‘mga sotib olgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Farg‘ona va Namanganda yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi

Farg‘onada korxona rahbari 0,5 gektar yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Namanganda esa fermer xo‘jaliklardan birida rahbar 5 gektar yerni bog‘ uchun ajratib berish evaziga 96 mln so‘m so‘ragani aytilmoqda. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.

Toshkentda yo‘l kira haqi 3000 so‘m bo‘lgan ekspress avtobus yo‘nalishi tashkil etilmoqda

Toshkent shahrida yo‘l haqi 3000 so‘m bo‘lgan yangi ekspress avtobus yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalish 4 ta jadval asosida 23 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi.

Ta’lim sifati bilan bog‘liq ahvol qoniqarli emas — xalq ta’limi vaziri

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov uchta viloyatga tashrifdan so‘ng, maktablardagi ahvolni qoniqarli emas deb atadi. “Afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan”, — dedi u. U o‘qituvchilar qo‘lida inson taqdiri yotganini aytib, “jonkuyarlik bo‘lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab?” degan savolni o‘rtaga tashladi. Vazir ta’lim sifatini yaxshilash uchun katta va ko‘p ishlar qilish kerakligini ma’lum qildi.

Qamchiq dovonida avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketdi

26 noyabr kuni Qamchiq dovonida yo‘lida harakatlanib ketayotgan yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan. YTH oqibatida jabrlanganlar yo‘q, baliq chavoqlarining asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.

Shifokor va hamshiralar 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllarini to‘ldirishga majbur bo‘lmoqda — SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozirda 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotganini ma’lum qildi. Tizimdagi qog‘ozbozlikni bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzildi.

Adliya vazirligi Rasul Kusherbayevni “qora bozor"dan valyuta ayirboshlaganini qoraladi

Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayevning valyutani bila turib “qora bozor"dan ayirboshlaganini amaldagi qonunlarni buzishga qaratilgan namoyishkorona harakat deb baholadi. “Rasul Kusherbayevning shaxsiy o‘rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ‘ib qilishga olib kelayotganini oqlab bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarda. Vazirlik ushbu muammo mavjudligini tan olgan, biroq uni birgalikda hal qilishga chorlagan.

UzAuto Motors Captiva 5 avtomobili uchun to‘lovlar qaytarilishi bo‘yicha izoh berdi

UzAuto Motors kompaniyasi xabariga ko‘ra, hozirgacha Captiva 5 avtomobili uchun jami 461 ta shartnoma puli to‘langan bo‘lib, 207 nafar xaridor ushbu avtomobil o‘rniga boshqa transport vaositasini olishga, 161 nafari esa to‘langan mablag‘ni qaytarilishiga qaror qilgan. Shuningdek, 41 nafar mijoz kechadan boshlab kompensatsiya sifatida taqdim etilgan 5 foizlik to‘lov summasini olgan.

Fuqarolardan Janubiy Koreya va Avstraliya davlatlariga yuborish evaziga pul talab qilgan shaslar qo‘lga olindi

Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreya va Avstraliya davlatlariga yuborishni va’da qilgan va buning evaziga pul talab qilgan shaslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

1−2 dekabr kunlari havo harorati ko‘tarilishi va ayrim hududlarda changli bo‘ron kuzatilishi mumkin

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 1−2 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha shamol 17−22 m/s gacha, ba’zi joylarda 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ayrim viloyat va tumanlarda changli bo‘ron hamda chang g‘uborlar ko‘tarilishi kuzatilishi aytildi.

Milliy gvardiyaning qonun va tartibni himoya qilish vakolatlari kengaytirildi

Endilikda Milliy gvardiya ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda, shuningdek, jamoat joylarida jamoat tartibini mustaqil ravishda ta’minlaydi. Bundan tashqari, Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash sohasida sodir etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish huquqini olishi mumkin.

Noyabr-dekabr oylarida yetkazib berilishi kutilgan UzAuto Motors avtomobillari 2 oyga kechikadi

UzAuto Motors kompaniyasi noyabr-dekabr oylarida avtomobili yetkazib berilishini kutayotgan xaridorlarga transport vositalari 2 oydan keyin berilishini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida butlovchi qismlar yetishmovchiligi hamda global logistika muammolari ko‘rsatilgan.

O‘zbekistonda uchta quyosh elektr stansiyasini qurishga 15 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi

Energetika vazirligi uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderning ilk bosqichida 15 ta xalqaro kompaniyadan ariza kelib tushganini ma’lum qildi. Loyiha Namangan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVtgacha bo‘lgan stansiyalarni qurishni nazarda tutadi.

Toshkentda BMT Ayollar qo‘mitasining vakolatxonasi ochilishi mumkin

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva BMT Ayollar qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Al-Yosir bilan uchrashdi. Unda Toshkentda BMT Ayollar qo‘mitasining vakolatxonasi ochish taklifi ilgari surildi.

Qoraqalpog‘iston rezervatida uch kun davom etgan yong‘in 35 gektar o‘rmonga zarar yetkazdi

27 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonning quyi Amudaryo biosfera rezervatida boshlangan o‘rmon yong‘inlari 30 noyabrning tongiga kelib to‘liq o‘chirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmonning 30−35 gektar maydoni zarar ko‘rgan. Yong‘in boshlangan hududda chodirlar o‘rnatilgani ma’lum qilindi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

“Amerikadagi o‘zbekistonliklardan vatanda katta-katta remittanslarni kutishadi”. Amerikada ishlayotgan tadqiqotchi Saidaziz A’zamov

“Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasining navbatdagi mehmoni — Amerikadagi tadqiqotchi Saidaziz A’zamov. Biz undan nega Amerikaga ketgani, xorijdagi vatandoshlardan vatanda nimalar kutishlari, xorijdagi qiyinchiliklar va O‘zbekistondagi yoshlarga beradigan maslahatlari haqida so‘radik.