Ijtimoiy tarmoqlarda Qamchiq dovonida “baliq yomg‘iri” bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent viloyati hokimligi holat yuzasidan ma’lumot olish uchun “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish UK bilan bog‘langan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur hodisa 26 noyabr kuni soat 16:30 larda A-373 “Toshkent-O‘sh” avtomobil yo‘lining 227 km qismida sodir bo‘lgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Dovon yo‘lida harakatlanib ketayotgan xorijiy korxonaga tegishli yengil avtomashina yukxonasida yelim idishda boqish uchun yetishtirilgan baliq chavoqlari olib ketilayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda harakat xavfsizligini ta’minlay olmaslik oqibatida yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan.

Ushbu YTH oqibatida hech kim jabrlanmagan. Yo‘lga sochilib ketgan baliq chavoqlarining asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.