Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 29 noyabr kuni Omicron koronavirus shtammi bilan bog‘liq umumiy global xavfni juda yuqori deb baholagach, Fitch Ratings hamda Moody`s Investors Service reyting agentliklari ushbu shtamm «global o‘sish istiqbollariga putur yetkazishi» va «narxlar o‘sishiga sabab bo‘lishi» mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Omikron shtammi aniqlanganidan so‘ng ko‘plab mamlakatlar (jumladan, Isroil, Marokash, Yaponiya) ehtiyot chorasi sifatida o‘z chegaralarini yopmoqdalar. Bu esa ikki yillik pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanishni xavf ostida qoldirishi mumkinligi aytilmoqda. Yangi shtamm bilan zararlanishning keskin o‘sishi jahon bozorida sezilarli tebranishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Reuters`ning yozishicha, aviakompaniyalar yangi shtammning o‘z tarmoqlariga ta’sirini cheklashga urinmoqdalar, bu global turizmning tiklanishini sekinlashtirishi mumkin.

JSSTga ko‘ra, infeksiyalarning har qanday ko‘payishi og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin, biroq hozircha yangi variant bilan bog‘liq hech qanday o‘lim holati kuzatilmagan. Omikronning vaksinalar va oldingi infeksiyalar tufayli paydo bo‘lgan immunitetni chetlab o‘tish bo‘yicha salohiyatini aniqlash qo‘shimcha tadqiqotlarni talab qiladi.

«Janubiy Afrikalik professor Salim Abdul Karim, mavjud vaksinalar Omikron bilan zararlangan holatda kasallik og‘ir kechishining oldini olishda samarali bo‘lishi mumkinligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrikadagi koronavirus holatlari bu hafta kuniga 10 mingdan oshib ketishi mumkin, bu ko‘rsatkich ikki hafta oldin kuniga 300 ga yaqin edi», — deyiladi Reuters xabarida.

Janubiy Afrika prezidenti Kiril Ramafosa turizmga tayangan iqtisodiyotlarga zarar yetkazadigan «asossiz va ilmiy bo‘lmagan» sayohat taqiqlarini qoralaganligi aytilmoqda. Shuningdek u mamlakati «yangi shtammlarni aniqlashdagi ilmiy salohiyati uchun jazolanayotganini» qayd etgan.

Omikron shtammi bilan zararlanish holatlari hozirda Janubiy Afrika, Botsvana, Gongkong, Niderlandiya, Daniya, Avstraliya, Belgiya, Britaniya, Germaniya, Isroil, Italiya, Fransiya, Kanada, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya, Avstriya, Shotlandiya va Shvetsariyada qayd etilgan.

Eng qat’iy chora qo‘llagan davlatlardan Isroil birinchilardan bo‘lib xorijliklarning mamlakatga kirishiga bir kechada taqiq o‘rnatdi. Yaponiya ham «ehtiyot chorasi sifatida» xorijliklarning kelishini taqiqlaganligi aytilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish cheklovlar janubiy Afrika davlatlarini yakkalab qo‘yishidan xavotirda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afrikadagi vaksinatsiyalash darajasining pastligida Afrika xalqini ayblab bo‘lmaydi. «Ular ilm-fan va sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim ma’lumotlarni aniqlaganligi va dunyo bilan baham ko‘rganligi uchun jazolanmasligi lozim», deya ta’kidlagan u.

Guterrish ancha vaqtdan beri butun dunyo bo‘ylab vaksina tengsizligi xavfi va emlashning past ko‘rsatkichlari «yangi variantlar ko‘payishiga zamin yaratishi» haqida ogohlantirib kelayotgan edi.

Omikron shtammi hozirgacha «yengil alomatlar» bilan kuzatilgan

Koronavirusning yangi shtammiga birinchilardan bo‘lib gumon qilgan janubiy afrikalik shifokor, Janubiy Afrika Tibbiyot Assotsiatsiyasi raisi doktor Anjelik Kutzi Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, Omikron varianti hozirgacha «yengil alomatlar» bilan kuzatilgan va uni uy sharoitida davolashga muvaffaq bo‘lishgan.

Xabarda aytilishicha, doktor Anjelik Kutzi 18 noyabr kuni klinikasidagi yetti nafar bemorda kasallik dominant «delta» variantidan farqli ravishda «juda yengil» alomatlar bilan kechayotganini payqagan. Xususan, 18 noyabr kuni uning klinikasiga bir necha bemor bir xil shikoyatlar — «qattiq charchoq», bosh va tanadagi og‘riqlar bilan tashrif buyurgan. «Delta» variant bilan og‘rigan ko‘plab bemorlar bilan ishlagan Kutzi «klinik manzara» o‘zaro mos kelmagach, «bu yerda boshqa gap bor» degan gumonda, shu kuniyoq Janubiy Afrika Yuqumli kasalliklar milliy institutini (NICD) bu haqda ogohlantirgan.

«Ularning aksariyatida juda va juda yengil alomatlar kuzatilmoqda… Biz bu bemorlarni uyda konservativ davolay oldik», — deya qayd etgan u. Shuningdek, Deltadan farqli o‘laroq, bemorlar hozircha hid yoki ta’m sezish qobiliyatining yo‘qotilishidan shikoyat qilmaganlar va yangi shtamm holatida kislorod darajasida sezilarli pasayish kuzatilmagan.

Kutzining tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bu variant 40 yoki undan kichik yoshdagi odamlarga ta’sir qiladi. U davolagan Omikron alomatlari bo‘lgan bemorlarning deyarli yarmi emlanmagan. Bemorlar qayd etgan «eng asosiy klinik shikoyat — bu bir yoki ikki kun davomidagi „qattiq charchoq“, shu bilan birga bosh va tanadagi og‘riqlar» ekanligi aytilmoqda.

JSST ham Omikron bilan bog‘liq holatlar asosan yoshlar, xususan, universitet talabalarida qayd etilgayotgani va kasallik nisbatan yengil shaklda kechayotganligini ma’lum qildi. Shuningdek, variantning qayta yuqish xavfi yuqori ekanligi avval COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning yangi variant bilan zararlanish ehtimolini oshiradi. Biroq bu boradagi hozirgi xulosalar cheklangan ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, batafsil o‘rganishlar bir necha kun yoki hafta vaqt talab qiladi.

Omikron (B.1.1.529) variantining ilk holatlari Botsvana, Janubiy Afrika va Gongkongda qayd etilgan edi. Ushbu variant spayk-oqsilida 32 ta mutatsiyaga ega bo‘lib, bu virusga immun tizimini chetlab o‘tish imkonini berishi mumkinligi aytilmoqda.

JSST 26 noyabr kuni chaqirilgan favqulodda yig‘ilishi yuzasidan berilgan bayonotiga ko‘ra, COVID-19`ning yangi variantini SARS-CoV-2 virusining «xavotirli varianti» deb tasniflagan va u virusning boshqa shakllariga qaraganda tezroq tarqalishi mumkinligini qayd etgan edi.