Endilikda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ommaviy tadbirlar o‘tkazilayotgan vaqtda, shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab jamoat joylarida jamoat tartibini mustaqil ravishda ta’minlaydi. Bu haqda tegishli farmon O‘zbekiston prezidenti tomonidan 29 noyabr kuni imzolangan.

Yil oxirigacha Milliy gvardiyaga ichki ishlar organlari bilan bir qatorda jamoat tartibini muhofaza qilish sohasida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatlarini ham berishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

«Milliy gvardiya bo‘linmalarining mustaqil xizmatning yangi bosqichiga o‘tishini farmondagi dolzarb masala sifatida alohida ta’kidlab o‘tish zarur», — dedi Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev «O‘zbekiston 24» telekanali efirida hujjatni sharhlar ekan.

«Endilikda Milliy gvardiya zimmasiga ommaviy tadbirlar, bog‘lar, xiyobonlar va yirik bozorlarda jamoat tartibini muhofaza qilishni bevosita tashkil etish vazifasi yuklatildi», — deya tushuntirdi Milliy gvardiya rahbari.

Hujjatda, shuningdek, bir oy muddatda hududlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jamoat tartibini saqlash faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2022 yilda Namangan, Farg‘ona, Andijon va Surxondaryo viloyatlaridagi, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi Milliy gvardiyaning harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni kengaytirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritish topshirilgan.

2022 yil 1 mayga qadar budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ichki ishlar organlari konvoy faoliyatiga konvoy ostidagi shaxslarni elektron brasletlar orqali nazorat qilish tizimi joriy etiladi.

Mahallalardagi jinoyatchilik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilishning elektron tizimi yaratiladi, hududlarni avtomatik ravishda qizil, sariq va yashil toifalarga bo‘lish tartibi joriy etiladi.

Hujjat bilan profilaktika inspektorlarini ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb qilish hamda faoliyatiga asossiz aralashish taqiqlanadi.

2024 yil 1 sentabrdan e’tiboran Toshkent shahar ichki ishlar organlari, 2025 yil 1 sentabrdan boshlab qolgan hududiy ichki ishlar organlari profilaktika katta inspektori lavozimlariga faqat oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan xodimlar tayinlanadi.

Profilaktika inspektorlari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi sirtqi ta’limiga qabul qilinadigan xodimlar umumiy sonining kamida yigirma besh foizi miqdorida qabul kvotasi ajratiladi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, faoliyatida yuqori natijalarga erishgan Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar organlaridan ikkitadan, qolgan hududiy ichki ishlar organlaridan bittadan profilaktika inspektori Departament boshlig‘i taqdimnomasiga asosan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining sirtqi ta’limiga imtihonlarsiz qabul qilinadi hamda bepul o‘qitiladi.