“Tutqunlik” (“Nevolya”) badiiy filmi Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Volokolamskiy rubej” harbiy-vatanparvarlik kinofestivalida “Gran-pri” bosh sovrini bilan taqdirlandi. Bu haqda Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Kinematografiya agentligi axborot xizmati

Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Rashid Malikov rejissyorligida suratga olingan.

“Volokolamskiy rubej” harbiy-vatanparvarlik kinofestivali 2004 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Unda harbiy-vatanparvarlik mavzusida suratga olingan badiiy va hujjatli filmlar saralab olinadi.

Foto: Kinematografiya agentligi axborot xizmati

“„Tutkunlik“ filmi real voqealarga asoslangan bo‘lib, unda Yaqin Sharqdagi urush o‘chog‘idan vatandoshlarimizni qaytarilishi aks ettirilgan. 2019−2020 yillarda o‘tkazilgan mazkur „Mehr“ operatsiyasi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan”, — deyiladi xabarda.

Kinematografiya agentligi, “Tutqunlik” kinokartinasi yaqinda Turkiyaning “Korkut Ata” xalqaro kinofestivalida ham ishtirok etib, hakamlar hay’atining maxsus sovriniga sazovor bo‘lganini ham qayd etib o‘tdi.