27 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari ish vaqtidan keyin majburlab ushlab o‘tirilishi to‘g‘risida xabar tarqaldi. Hokimlik matbuot xizmati xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlarga «ularning roziligi bilangina» jalb qilinayotganini ma’lum qildi.

Hokimlik boshqarmasi xodimining Kun.uz nashriga yo‘llagan murojaatida 5−6 oydan beri tun yarmigacha ishda qolib ketayotganini aytilgan.

«Ish vaqtimiz rasman soat 9:00dan 18:00gacha, ammo biz yaqin 5−6 oydan buyon ishxonada 22:00, 23:00 va ayrim paytlar tungi soat 1:30largacha qolib ketyapmiz. Shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni ekaniga qaramasdan, ishga chiqishga majbur qilishadi», — deydi u.

Xodim videotasvir yo‘llab, unda ishdan qaytayotgan vaqtini kompyuteridagi soatdan ko‘rsatgan va xodimlar kompyuterdagi soatni o‘zgartira olmasligini, buni faqat ma’muriyat qila olishini bildirgan.

«Rasmiy ish vaqti tugagach, qilinadigan ishlar ham tugaydi, lekin rahbarimiz hech bir sababsiz xodimlarni ish joyida olib o‘tiradi. Bu vaqtga kelib barcha xodimlar ham ruhan ham jismonan toliqadi. Shu bois 18:00dan keyin tayinli hech qanday ish bo‘lmaydi. Davlatning elektr energiyaga puli ketgani qoladi. Biz esa sog‘lom turmush tarzini yo‘qotib, oqibatda oshqozon va boshqa a’zolarni ishdan chiqarmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi xodim.

Bundan tashqari, u xodimlar ish vaqtidan keyin turli yig‘ilish va majlislarga ham jalb etilishini aytgan. Nashrga taqdim etilgan xat nusxasida Toshkent viloyati hokimligi tomonidan viloyat hududidagi shahar va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat boshqarmasiga shoshilinch xabarnoma jo‘natilganini ko‘rish mumkin.

Foto: Kun.uz

Bosh boshqarma xodimi tashkilotda yaqin kunlarda xodimlar maoshidan «Yashil makon» dasturi uchun pul ushlab qolish reja qilinayotganini ham bildirdi.

Toshkent viloyati hokimligi esa xodimlar oyligiga ustama haq berilayotganini qayd etgan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasiga yuklatilgan vazifalar ko‘lamini inobatga olib, boshqarma xodimlarining ish faoliyatini samarali olib borishlari uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida vazirlik tomonidan uzoq muddat ishlaganligi uchun (30 foizdan 150 foizgacha) har oylik ustama olish huquqini beruvchi tartib tasdiqlangan.

Qolaversa, viloyat hokimining tegishli farmoyishlari asosida, xodimlarning lavozim va vazifasidan kelib chiqib, moddiy ta’minotlarini yaxshilash hamda kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish va ularning oila a’zolarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan kiritilgan takliflarni inobatga olib, har oylik maoshiga qo‘shimcha (100 foizdan 150 foizgacha) ustama haqi berilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Mehnat kodeksining 124-moddasiga ko‘ra, xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlarga ularning roziligi bilangina jalb qilinmoqda, deyiladi hokimlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksining 124 moddasiga muvofiq, ish vaqtidan tashqari ishlar xodimning roziligi bilan qo‘llanishi mumkin. Ish vaqtidan tashqari bajarilgan ish uchun kompensatsiya va haq to‘lanishi lozim.

Kodeksning 157 moddasiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlar, dam olish kunlari va bayram kunlaridagi ishlar uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanadi. Bayram yoki dam olish kunidagi ish xodimning xohishiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bilan qoplanishi mumkin.

125 moddaga asosan ish vaqtidan tashqari ishning muddati har bir xodim uchun surunkasiga 2 kun davomida to‘rt soatdan (mehnat sharoiti og‘ir va zararli ishlarda — bir kunda ikki soatdan) va yiliga bir yuz yigirma soatdan ortiq bo‘lmasligi lozim.