29 noyabr kuni tonggi soat 05:05 da Sergeli tumani Nilufar 3-tor ko‘chasida tegirmon-yorma sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Uzmill» MCHJ hududidagi ishchilar yotoqxonasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar berdi FVV.

Voqea joyida 43 nafar ishchi bo‘lgan, yong‘in oqibatida ulardan 18 nafari har xil turdagi kuyish tan jarohati bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga joylashtirilgan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘qligi ma’lum qilindi.

Voqea sodir bo‘lgan joyga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 05:08 da yetib borgani aytilmoqda. «Yong‘in soat 05:29da qurshab olingan va soat 05:43da batamom o‘chirilgan», — deyiladi xabarda.

Hodisa tafsilotlarini o‘rganish uchun Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari rahbarligida Toshkent shahar FVB, IIB, SSB, Hududgaz ta’minoti rahbarlaridan iborat tezkor tergov guruhi tashkil etilgan.

Birlamchi ma’lumotga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashiga gaz quvurlarining nosozligi oqibatida xonaga gaz to‘planishi sabab bo‘lgan.