28 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, 1 dekabrdan boshlab shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmagan holatda nogironlikni belgilash biriktirilgan hududlarga chiqib ko‘chma majlislarda, shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda hamda sirtdan ko‘rikdan o‘tkazish orqali tashkil etiladi.

Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslarni klinik-funksional ma’lumotlarni olishga doir qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazmasdan turib, tasdiqlangan kasalliklar ro‘yxati asosida fuqaroning ishtirokisiz ular nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilganda nogironlik muddatsiz davrga belgilanadi.

Shuningdek, huddi shu sanadan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan nogironlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

2022 yil 1 avgustdan boshlab dastlab Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimi joriy etiladi. Bunda, fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yo‘llanma, kasallik tarixi va ambulator kartadan ko‘chirmalar va boshqa) ma’lumotlar axborot tizimiga elektron tarzda kiritilishi ta’minlanadi.

Qarorga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ushbu axborot tizimi respublikaning boshqa barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Bunda nogironlikni belgilashda davolash-profilaktika muassasalarining yo‘llanmalari, kasallik tarixidan ko‘chirmalar, ambulator karta, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holdagi baxtsiz hodisa yoki sog‘liqning boshqacha tarzda shikastlanganligi to‘g‘risidagi ҳужжатлар to‘liq axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

Axborot tizimidagi fuqaroga tegishli ma’lumotlardan kelib chiqib, organizmning funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishini hisobga olgan holda nogironlikni fuqarolarning ishtirokisiz belgilash tartibi joriy etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxsga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlar, davolovchi hamda tibbiy xulosa bergan shifokorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar axborot tizimida qayd etib boriladi.

Hujjatga muvofiq, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etiladi va ular doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi tuzilma bo‘ladi. Shu munosabat bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining shifokorlari zimmasiga 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash bo‘yicha yuklatilgan qo‘shimcha funksiyalar bekor qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironligi bo‘lgan bola deb topish pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan, 18 yoshdan katta fuqarolarni nogironligi bo‘lgan shaxs deb topish tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida ikkitadan, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida bittadan pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tashkil etiladi. Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Namangan viloyatlarida qo‘shimcha ravishda bittadan tumanlararo tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tuziladi.

Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:

  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar jamiyatlari bilan birgalikda nogironlikni belgilash sohasida davlat dasturlarini ishlab chiqishda qatnashish;
  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogironlikka olib keluvchi omillarni o‘rganish hamda sog‘lig‘i yomonlashuvining oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
  • nogironligi bo‘lgan bolalarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
  • sohaning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli asosda joriy etishda qatnashish.

Hujjat bilan davlat tibbiyot muassasasi tomonidan fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizaga yuborish tartibini nazarda tutuvchi vrachlik-maslahat komissiyasi to‘g‘risida nizom ishlab chiqiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, reabilitologiya, tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya mutaxassislarini tayyorlashdagi magistratura, klinik ordinatura, qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarini xalqaro ta’lim standartlari asosida takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Mazkur qaror qabul qilingunga qadar berilgan nogironlik to‘g‘risidagi eski namunadagi ma’lumotnomalar hamda rasmiylashtirilgan eski namunadagi nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturlari navbatdagi qayta ko‘rik o‘tkazilgunga qadar yoki reabilitatsiya tadbirlarini amalga oshirish (agar nogironlik muddatsiz belgilangan bo‘lsa) tugagungacha haqiqiy hisoblanadi.

2022 yil 1 iyunga qadar BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning texnik ko‘magini bilan nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish bo‘yicha prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Bunda, xalqaro tajribani o‘rgangan holda Sog‘liq va hayot faoliyatining (funksiyalarining) cheklanishi xalqaro klassifikatsiyasi asosida fuqarolarga nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish Konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.