Qariyb 100 mln so‘mlik Remdesivir dori vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 99 mln so‘mlik 99 dona Remdesivir dori vositasining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qoldi. Koronavirusga qarshi ushbu preparatlarning sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagani aytilmoqda.

Sergelidagi korxonalarning birida yong‘in sodir bo‘ldi, 18 kishi jarohatlandi

Sergelidagi tegirmon-yorma sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonadagi ishchilar yotoqxonasida havo-gaz chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqdi. Bunga gaz quvurlarining nosozligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Hodisa tufayli 18 nafar fuqaro kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.

Qashqadaryoda 1,5 mln so‘m pora olgan sport maktabi direktori 5 yilga qamaldi

Kitob tumanidagi 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi endilikdagi sobiq direktori boshqa bir fuqarodan sport murabbiyi lavozimiga ishga kiritib qo‘yish uchun 1,5 mln so‘m pora olgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turganlarning nogironligi muddatsiz davrga belgilanadi

Prezident qaroriga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. 2022 yil 1 avgustdan boshlab Toshkent shahrida, 2023 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida nogironligi bo‘lganlarni hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi elektron axborot tizimi joriy etiladi. Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslar nogironligi muddatsiz davrga belgilanadi.

“Tutqunlik” filmi Rossiyada bo‘lib o‘tgan kinofestivalda bosh sovrin bilan taqdirlandi

“Tutqunlik” filmi Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Volokolamskiy rubej” harbiy-vatanparvarlik kinofestivalida “Gran-pri” bosh sovrini bilan taqdirlandi. Ushbu filmda 2019−2020 yillarda o‘tkazilgan mazkur “Mehr” operatsiyasi jarayonlari aks ettirilgan.

Abdulaziz Kamilov BMT maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashdi

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonning BMT va uning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligining dolzarb masalalarini, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashishdi.

“Bunyodkor” o‘z xodimlariga 1,5 mlrd so‘mdan ko‘proq maoshlarni to‘lab berishni kechiktirgan

“Bunyodkor” futbol klubi 393 nafar xodimlarining oktabr oyi uchun 1 mlrd 532 mln so‘mdan ko‘proq oyliklarini to‘lab berishni kechiktirgan. Klub ayni vaqtda homiysi hisoblangan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mablag‘lar ajratilayotganligini ma’lum qilgan.

4 yil ichida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirganlik uchun sudlangan — Oliy sud

2016 — 2020 yillar hamda 2021 yilning 1-yarmi davomida 62 nafar O‘zbekiston fuqarosi terrorizmni moliyalashtirish uchun sudlangan. Ularning aksariyati terroristik tashkilot, ularning vakillari yoki unga aloqador shaxslarga pul mablag‘larini taqdim etish yoki ularning hisob raqamlariga pul ko‘chirish bilan shug‘ullangan.

Toshkentning uch tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi aniqlandi

Poytaxtning Olmazor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida tumanlaridagi dorixonalarda tegishli hujjatlari bo‘lmagan kuchli ta’sir qiluvchi “Regapen”, “Karbaleks”, “Karbamazepin”, “Tropikamid”, “Selofen” va “Zardeks” dorilarining noqonuniy savdosi to‘xtatildi.

Toshkent viloyati hokimligi iqtisodiyot boshqarma xodimlari yarim kechagacha ushlab o‘tirilganiga izoh berdi

Toshkent viloyati hokimligining Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi xodimlari ish vaqtidan so‘ng ushlab o‘tirilgani, dam olish kuni ham ishga chiqishga majbur qilinayotgani aytilmoqda. Bundan tashqari, 18:00 dan keyin tayinli ish bo‘lmasada, rahbariyat sababsiz xodimlarni ushlab o‘tirgani ma’lum qilingan. Viloyat hokimligi esa ishdan tashqari ishlarga jalb qilish uchun “xodimlarning roziligi” olinganini aytmoqda.

Bir yarim yilda davlat xaridlari sohasidagi qonunbuzarlik yuzasidan 45 ta ish qo‘zg‘atildi

So‘nggi bir yarim yil ichida davlat xaridlari sohasida qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan mansabdorlarga nisbatan 21 ta jinoiy va 24 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Sohalar kesimida qonunbuzarliklarning eng ko‘pi qurilish va sog‘liqni saqlashga, hududlar kesimida esa Toshkent shahri, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlariga to‘ri kelmoqda.

Toshkent yer usti halqa metro liniyalarini qurish uchun 354,3 mln dollar ajratiladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Toshkentda yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi uchun 354,3 mln dollar mablag‘ ajratiladi. Bundan 208,4 mln dollar davlat budjetidan, 108,4 mln dollar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan kredit sifatida jalb qilinadi. Mablag‘larning asosiy qismi mashina va uskunalar sotib olishga hamda qurilish-montaj ishlariga yo‘naltiriladi.

Finlyandiya O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi loyihalarni rivojlantirish uchun $28 mln ajratadi

O‘zbekiston Finlyandiyaning Markaziy Osiyodagi ustuvor hamkorlari ro‘yxatiga kiritilgan. Qirg‘iziston va Tojikiston bilan birgalikda mamlakatga qonun ustuvorligi va iqtisodiy rivojlanish loyihalari uchun uch yil davomida 28 million dollar ajratiladi.

“Vaksinalar COVID-19`ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi”. Nurmat Otabekov — Omicron haqida

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov to‘liq emlanganlarda koronavirusning yangi shtammi yengil o‘tishini ma’lum qildi. “Vaksinalar COVID-19`ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi”, — dedi u. Nurmat Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, Omicron`ning uchinchi mamlakatlar orqali kirib kelish ehtimoli yo‘q emas, biroq yangi shtamm uchun alohida protokol ishlab chiqish zaruriyatini vaqt ko‘rsatadi.

“Gazeta.uz"da chiqqan maqolalar:

Qo‘llanma: O‘t o‘chirgich turlari va ulardan qanday foydalanish kerak?

Sovuq fasllar kirib kelishi bilan binolarda yong‘in xavfi ortadi. Yong‘inga qarshi kurashning eng samarali vositasi o‘t o‘chirgich hisoblanadi. Ularni ko‘pincha ofislarda va mashinalarda uchratish mumkin, ammo hamma ham ulardan qanday foydalanish to‘g‘risida ma’lumotga ega emas. O‘t o‘chirgichning turlari va ulardan to‘g‘ri foydalanish qoidalari haqida o‘t o‘chiruvchi Aleksey Sorochin “Gazeta.uz"ga so‘zlab berdi.