26 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining «Toshkent shahrida yer usti halqa metro liniyalarining qurilishi» loyihasining texnik-iqtisodiy hisobini tasdiqlash to‘g‘risida qarori qabul qilindi. Loyihaning o‘zi esa 4 yil oldin boshlangan.

Unga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 354,3 mln dollarni tashkil qildi. Ushbu mablag‘larning 208,4 mln dollari — davlat budjeti mablag‘lari hisobiga, 108,4 mln dollari — Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti, 500 ming dollar Xitoy xalq respublikasi (XXR) Eksimbanki kreditlari hisobiga hamda 37,07 mln dollari esa davlat ulushi hisobiga to‘g‘ri kelgan.

Loyihaning kapital qo‘yilmalar hajmi 317,288 mln dollarni, shu jumladan, mashina va uskunalar sotib olishga 61 mln dollar, qurilish-montaj ishlariga — 238,453 mln dollar, investitsiya davridagi moliyaviy xarajatlar (51 oy) — 3,642 mln dollar va boshqa xarajatlar — 14,187 mln dollarini tashkil etadi. Qolgan 37 mln dollardan ortig‘i QQS va bojxona imtiyozlaridir.

XXR Eksimbanki kreditlarni 20 yil muddatga, besh yillik imtiyozli davr bilan hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining krediti — to‘rt yillik imtiyozli davr bilan 15 yilga berilgan.

Hujjatda ko‘rsatilgan yo‘nalish uzunligi — 25,92 km. Texnik-iqtisodiy asosda ko‘rsatilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, liniyada har yili 35,1 million yo‘lovchini tashiladi.

Shuningdek, 2017 yilning may oyida prezident Toshkent shahrida elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yo‘l qurilishi loyihasini tasdiqlagan edi. U 2017−2021 yillar uchun hisoblangan va 320,1 mln dollarga baholangan.

O‘sha yilning kuzida Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan mayda tasdiqlangan elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yo‘li qurilishi loyihasi qayta ko‘rib chiqilgani haqida xabar bergan edik. Loyihaning dastlabki qiymati 422,3 mln dollarga baholangan. Yo‘nalish uzunligi 52,1 km sifatida ko‘rsatilgan.

Yo‘nalish uzunligi 11 kmni tashkil etib, O‘zbekiston liniyasining «Do‘stlik» stansiyasini («sobiq «Chkalov») «Rohat» aylanmasi orqali «Qo‘yliq» bozori bilan bog‘laydi. Yo‘nalish 2020 yil 30 avgustda ishga tushirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qaroriga ko‘ra, metropoliten uchun yil oxirigacha 5 ta, 2022 yilda 14 ta to‘rt vagonli metro poyezdlari xarid qilinishi va poyezdlarning soni 80 taga yetkazilishi haqida xabar qilingandi. Metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalari tashkil etilib, ular tadbirkorlarga elektron auksion shartlarida ijaraga beriladi.