Yong‘inlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, lekin har qanday yong‘inning ham oldini olish mumkin. Yong‘inga qarshi birlamchi kurashish vositasi o‘t o‘chirgichlar hisoblanadi. Ular barcha xonalarda va transport vositalarida o‘rnatilishi kerak. O‘t o‘chirgichlarning turli xil bo‘lishini esa hamma ham bilmaydi. Bundan tashqari, hammada ham ulardan qanday foydalanish to‘g‘risida ma’lumot mavjud emas. 30 yillik tajribaga ega yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Aleksey Sorochin «Gazeta.uz»ga o‘t o‘chirgichlar, ularning xususiyatlari va o‘t o‘chirgichdan to‘g‘ri foydalanish to‘g‘risida gapirib berdi.

Yong‘in sodir bo‘lganda, avvalo uning turini aniqlab olish lozim. Yong‘inlar quyidagi tarzda klassifikatsiya qilinadi:

A klass

Organik tabiatdagi qattiq materiallar — yog‘och, qog‘oz, tamaki va boshqalar orasida yuzaga kelgan yong‘inlar, ular sodir bo‘lganida, qizg‘ish qatron hosil bo‘ladi. Bunday yong‘inga qarshi kurashning eng samarali vositasi suvdir.

B klass

Benzin mahsulotlari, bo‘yoq, erituvchilar, yog‘ va moy kabi suyuq yoki suyultirilgan qattiq moddalar yonadigan yong‘inlar. Bu vaziyatda kukunli, ko‘pikli va karbonat angidridli (CO2) o‘t o‘chirgichlardan foydalanish kerak. Bunday o‘t o‘chirgichlarini generator xonalarida, qozonxonalarda, garajlarda, laboratoriyalarda, oshxonalarda, oson yonuvchan suyuqliklar omborlarida topish mumkin.

C klass

Gaz yong‘ini. Ushbu turdagi yong‘inni o‘chirish uchun o‘t o‘chirgichlardan foydalanilmaydi. Bunday yong‘inni o‘chirishni boshlamaslik tavsiya etiladi. Gaz ta’minoti manbasi yopilmaguncha yong‘inni nazorat qilish kerak.

D klass

Magniy, alyuminiy, natriy kabi metallar yongan paytdagi yong‘in. Ushbu metallarga odatda suv yaxshi ta’sir qilmaydi, shuning uchun kukunli vositalardan foydalanish kerak.

E klass

Yuqori kuchlanish ostidagi elektr vositalari kuyishi oqibatida kelib chiqadigan yong‘inlar. Bunday yong‘inga qarshi karbonat angidridli va kukunli, shuningdek, galoidlangan uglevodorodli aerozolli o‘t o‘chirgichlar samarali bo‘ladi.

O‘t o‘chirgichlar quvvat massasi va hajmi bo‘yicha ham farqlanadi. Maishiy foydalanish va transport vositalari uchun og‘irligi 20 kg gacha va hajmi 10 litrgacha bo‘lgan ixcham modellar mos keladi.

O‘t o‘chirgichlar turlari va ularning tarkibi

O‘t o‘chirgichlar suvli, ko‘pikli, kukunli, karbonat angidridli va aerozolli bo‘ladi. Qaysi o‘t o‘chirgich qanday turdagi yong‘inni o‘chira olishini o‘t o‘chiruvchi moddasiga qarab aniqlash mumkin.

Suvli o‘t o‘chirgichlar suv yoki suv asosidagi eritmalardan tarkib topgan. Bunday kompozitsiya B, C, D va E klassidagi yong‘inlarni o‘chirish uchun mos kelmaydi.

Suvli o‘t o‘chirgichlar tabiiy tarkibiy qismlari tufayli sog‘liq uchun eng xavfsiz hisoblanadi. Ushbu qurilmalar yiliga kamida bir marta tekshirilishi va qayta zaryadlanishi lozim.

Ko‘pikli-havoli o‘t o‘chirgichlar qattiq materiallarni va yonuvchan suyuqliklarni o‘chirish uchun ishlatiladi. Ular yong‘inning dastlabki bosqichlarida samaraliroq hisoblanadi. Ishqoriy metallarni, tarmoqqa ulangan elektr jihozlarini va yonish uchun kislorodga muhtoj bo‘lmagan materiallarni bunday aralashmalar bilan o‘chirish taqiqlanadi.

Agar bo‘yoq mahsulotlari, yog‘och, yog‘ va qog‘oz yonayotgan bo‘lsa (A va B yong‘in klasslari), ko‘pikli-havoli o‘t o‘chirgichlardan foydalanish mumkin.

Ko‘pikli-havoli o‘t o‘chirgichlar yiliga bir marta tekshirilishi va qayta zaryadlanishi kerak.

Karbonat angidridli o‘t o‘chirgichlari 1000 V gacha kuchlanishga ega yonayotgan elektr jihozlarini, avtomobil dvigatellarini va yonuvchan suyuqliklarni (B, C, E yong‘in klasslari) o‘chirish uchun ishlatiladi. Bunday qurilmalarni muzeylar, arxivlar, kimyoviy laboratoriyalar va idoralarda topish mumkin. Bundan tashqari, bunday o‘t o‘chirgichlar har bir transport vositasida bo‘lishi kerak.

Yonayotgan odamni karbonat angidridli o‘t o‘chirgich bilan o‘chirish qat’iyan man etiladi.

Ushbu turdagi o‘t o‘chirgichlarning kamchiliklari orasida o‘t o‘chirish vositalarining uchuvchanligi, qurilmaning o‘t o‘chiruvchi vositani yetkazib beruvchi elementlarini bilan ehtiyotsizlik bilan ishlashda qo‘llarning muzlashi xavfi, shuningdek, gaz bug‘larining inson tanasiga salbiy ta’siri kiradi.

Karbonat angidridli o‘t o‘chirgichlari bosimni tekshirish uchun yiliga bir marta o‘lchanadi va har besh yilda bir marta yong‘in o‘chiruvchi vosita bilan to‘ldiriladi.

Kukunli o‘t o‘chirgichlar 1000 V gacha kuchlanishga ega yonayotgan elektr jihozlarini va yonuvchan suyuqliklarni o‘chirish uchun foydali. Ularni kislorod yo‘qligida yonadigan materiallarni o‘chirish uchun ishlatish taqiqlanadi.

Bunday qurilmalar har yili tekshiruvdan o‘tkaziladi va har besh yilda bir marta yong‘inga qarshi vosita bilan to‘ldiriladi.

Karbonat angidridli va kukunli o‘t o‘chirgichlar ko‘pincha kundalik hayotda uchraydi. Ulardan ofislarda va transport vositalarida ko‘p foydalaniladi. Ushbu turdagi o‘t o‘chirgichlar har qanday turdagi yong‘inlarga qarshi kurashishi mumkin (lekin buni yong‘in miqyosi bilan adashtirmaslik kerak).

Aerozolli o‘t o‘chirgichlar nisbatan yangi ixtiro hisoblanadi. Bu yong‘inga qarshi kurashning birlamchi samarali vositasidir. O‘t o‘chiruvchi vosita yonayotgan narsalar yuzasida zich plyonka hosil qiladi. Bu yong‘inga kislorodning kirishiga to‘sqinlik qiladi. Plyonka buyumga zarar yetkazmaydi, chunki uni yuvish vositasi bilan ketkazish mumkin.

Agar qurilmaning o‘zi muayyan bir kechikishni nazarda tutmagan bo‘lsa, aerozolli o‘t o‘chirgichlar deyarli bir zumda ishlaydi. Ular ishonchli va uzoq muddat mobaynida xizmat ko‘rsatadi.

Aerozol metallar va kislorodli birikmalardan tashqari deyarli har qanday qattiq va suyuq moddalarni o‘chirishga qodir. Bunday o‘t o‘chirgichlar har qanday klassdagi yong‘inga qarshi kurashda qo‘llaniladi, biroq ko‘pchilik modellarni faollashtirilganidan keyin ularni to‘xtatib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, qurilma korpusi Tselsiy bo‘yicha 300 darajagacha qiziydi.

Aerozolli o‘t o‘chirgichlarni odamlar evakuatsiya qilingandan keyingina bino ichida ishlatish mumkin. Chiqarilgan aerozol aralashmasining konsentratsiyasi zaharli bo‘lib, odamlar uchun zararli bo‘ladi.

Avtomobillardagi o‘t o‘chirgichlar

Transport vositalarida qanday o‘t o‘chirgichlar qo‘llaniladi?

Quvvat og‘irligi 2−5 kg bo‘lgan karbonat angidridli va kukunli o‘t o‘chirgichlari. Ilgari favqulodda vaziyatlarga duch kelgan haydovchilar o‘zlari bilan ikkita o‘t o‘chirgichni olib yurishga tayyor turishadi.

O‘t o‘chirgichlarni mashinaning qayerida saqlash kerak?

O‘t o‘chirgichlar birinchi tibbiy yordam to‘plami bilan birga ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan joylarda biriktirilgan holatda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.

Agar bunday joylar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yengil mashinada o‘t o‘chirgich yo‘lovchi salonida yoki avtomobil bagajida, mikroavtobusda — haydovchi uchun qulay joyda saqlanishi kerak. Avtobusda ikkita qurilma bo‘lishi kerak — haydovchi kabinasida bitta va yo‘lovchilar salonida bitta.

Yirik va o‘rta avtobuslarda oynalarni sindirish uchun bolg‘acha ham bo‘lishi lozim.

Binodagi o‘t o‘chirgichlar

Elektr jihozlari mavjud bo‘lgan binolarda odatda karbonat angidridli va kukunli o‘t o‘chirgichlar qo‘llaniladi. Ularning soni ehtimoliy xavf va binolarning vazifasiga bog‘liq. O‘t o‘chirgichning yorlig‘ida qurilma samarali bo‘lgan yong‘in turi doimo ko‘rsatilgan bo‘ladi.

Binolardagi o‘t o‘chirgichlarni ehtimoliy yong‘in sodir bo‘ladigan joydan 30 m uzoqroqqa yugurish talab etilmaydigan tarzda joylashtirish kerak.

O‘t o‘chirish moslamalarini saqlash va ulardan foydalanishga qo‘yiladigan talablar


Barcha o‘t o‘chirgichlar har yili tekshirilishi lozim. Agar qurilma standartlarga javob bermasa, uni almashtirish zarur.

Ballonda ko‘rsatilgan o‘t o‘chirgichning amal qilish muddati tugashi bilan qurilmani almashtirish kerak.

Oyiga bir marta o‘t o‘chirgichlarni ko‘zdan kechirish va jarayonni qayd qilish lozim.

O‘t o‘chirgichlar evakuatsiya yo‘llariga tutash chiqish joylaridagi devorga o‘rnatilishi kerak.

Bitta binoda o‘rnatilgan barcha o‘t o‘chirgichlar bir xil ishlash printsipiga ega bo‘lishi zarur.

Agar o‘t o‘chirgichdan foydalanilgan bo‘lsa, uni to‘liq qayta zaryadlash darkor.

Agar o‘t o‘chirgichning bosimi tushib ketsa, uni darhol to‘ldirish kerak.

O‘t o‘chirgichdan qanday foydalanish kerak?

Qo‘lingizda qanday turdagi o‘t o‘chirgich bo‘lishidan qat’i nazar, uni qanday ishlatishni bilishingiz zarur. Bunday ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun muntazam mashg‘ulotlar talab etiladi. Afsuski, mamlakatimizda aholi o‘rtasida, jumladan, ta’lim muassasalarida bunday mashg‘ulotlar o‘tkazilmaydi.

Biroq, biz o‘t o‘chirgichdan foydalanishning asosiy bosqichlarini tavsiflovchi qisqa video qo‘llanmani tayyorladik.

O‘t o‘chirgichdan foydalanishdan oldin, to‘g‘ri o‘t o‘chirgichni tanlash uchun yong‘in turini aniqlash kerak.

O‘t o‘chirgichdan foydalanish uchun sizga quyidagilar kerak bo‘ladi:

  • qurilmani o‘rnatilgan joydan olish;
  • muhrni (plombani) buzish;
  • og‘zini qat’iy gorizontal ravishda joylashtirish;
  • richagni bosish;
  • o‘t o‘chirgichdan chiquvchi vositani olov tomon yo‘naltirish.