«Bunyodkor» o‘z xodimlariga oktabr oyi uchun 1,5 mlrddan ko‘proq miqdordagi maoshlarni to‘lab berishni kechiktirgan. Ushbu holat Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda aniqlandi, deya xabar bermoqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati.

O‘rganish davomida, ayni vaqtda klub tomonidan jami 393 nafar xodimlarga nisbatan oktabr oyi uchun 1 mlrd 532 mln 216 ming so‘m miqdoridagi oylik maoshlari to‘lab berilishi kechiktirilganligi aniqlangan.

Shuningdek, hozirda klub o‘zining homiysi hisoblangan «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan mablag‘lar ajratilayotganligi va xodimlarga ushbu to‘lovlarni to‘lab berish harakatlari amalga oshiralayotganligini ma’lum qilgan.

«Bundan tashqari, „Bunyodkor“ futbol klubi bosh direktori U. A. Mirzayev nomiga xodimlarga oylik ish haqi bo‘yicha yuzaga kelgan qarzdorlikni bartaraf qilish hamda keyinchalik oylik ish haqlarini o‘z muddatida to‘lash bo‘yicha Davlat mehnat isnpeksiyasi tomonidan yozma ko‘rsatma kiritildi», — deyiladi xabarda.