Rossiyalik ishbilarmon, USM Holdings asoschisi Alisher usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining (FIE) prezidenti lavozimiga qayta saylandi, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Federatsiya rahbarligiga saylov 27 noyabr kuni Shveysariyaning Lozanna shahrida bo‘lib o‘tgan. Kongress bir yil avval o‘tkazilishi kerak edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab keyinga qoldirilgan edi.

Delegatlar 2008 yildan beri FIE rahbari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Alisher Usmonov nomzodini bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashgan. U ushbu lavozimga 2012 va 2016 yillarda ham saylangan edi.

Saylov yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston vakillari ham tashkilotning bir qator bo‘limlari tarkibiy qismiga kirdi. O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi Bosh kotibi Gulnora Saidova targ‘ibot qo‘mitasi, Tokio-2020 Olimpiadasida referilik qilgan Aida Hasanova esa hakamlar qo‘mitasi tarkibiga kiritildi.

Kongressda shuningdek, 2023 yilda qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatini o‘tkazish uchun nomzod sifatida Toshkentning taqdimoti ham namoyish etildi.

Taqdimotni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustan Shoabdurahmonov hamda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbari Gulnora Saidova o‘tkazdi. Biroq, yakunda jahon chempionatini Milanda o‘tkazishga qaror qilindi.