23 noyabr kuni AARC xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan «Toshshahartransxizmat» AJ faoliyatini trasformatsiyalash bo‘yicha hisoboti e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, hozirgi kunda Toshkentda yo‘lkira narxi 1400 so‘mni (taxminan 0,13 AQSh dollari) tashkil etib, dunyoda shahar yo‘lovchilar transportidagi eng arzon tarif narxlaridan biri hisoblanishi aytildi. Shuningdek, Toshkentda o‘rnatilgan yo‘lkira xaqi Nyu-York shahridan 20 barobar kamroq ekanligi to‘g‘risida ma’lum qilindi.


Qayd etilishicha, «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi o‘z-o‘zini ta’minlamaganligi, daromad va harajatlar o‘rtasidagi farq COVID-19 infeksiyasi ta’sirisiz ham ancha ortganini kuzatish mumkin. Horijiy konsultantlar buning asosiy sababi sifatida sayohat narxi faqat bir marta 2019 yilda 1200 so‘mdan 1400 so‘mga (4 foizga) o‘zgargani, harajatlar esa 15 foizga oshgani tufayli deb baholashmoqda.

Iqtisodchi Botir Qobilov o‘zining «Zametki Ekonomista» Telegram-kanalida ushbu tahlilga o‘z munosabatini bildirgan.

«Narxning 4% oshishi, tushumning 4% oshganini bildirmaydi, lekin faraz qilaylik bu logika to‘g‘ri, ya’ni harajatlar 15%ga va tushum 4% oshgan. Ammo, gap shundaki, narx 1200 so‘mdan 1400 so‘mga oshishi narxning 4%ga emas, balki 16.67%ga oshganini bildiradi. Kalkulyatorda siz ham tekshirib ko‘ring, balki men adashayotgandirman? Demak, shunda yuqoridagi logikaning teskarisi to‘g‘ri bo‘lib chiqyaptimi (16.67% > 15%)? Balki matbuot xizmati ushbu matnda 4% deb yozib xato qilgan bo‘lishlari mumkin yoki, eng qo‘rqinchlisi, konsultantlarning o‘zi 1200 so‘mdan 1400 so‘mga o‘zgarishni 4% deb hisoblab berishganmi?» — degan savolni o‘rtaga tashladi Botir Qobilov.

Shuningdek, u Nyu-Yorkda bir martalik yo‘lkira narxi $2.25 ekan, ya’ni o‘rtadagi farq 20 emas, 17,3 barobar ko‘proq ekanini ta’kidladi. Botir Qobilovning fikricha, yuqoridagi rasmlarda faqtgina nominal raqamlar ko‘rsatilgan.

Oslo, Nyu-York va Toshkentni solishtirish uchun umumiy maxrajga keltirish kerak emasmi? Masalan, aholi daromadlaridagi farq inobatga olinishi kerak emasmi? Agar Toshkent va Nyu-Yorkdagi jamoat transporti foydalanuvchilari bir oylik o‘rtacha oyligining necha foizi jamoat transportida bir oy harakatlanish abonementiga sarflanadi, deb taqqoslansa, biroz mantiqiy solishtiruv bo‘lar edi, deya ta’kidladi iqtisodchi.

Uning qayd etishicha, Nyu-Yorkda bir oylik jamoat transport abonementi 127 dollar turadi. Nyu-Yorkdagi bir kishining o‘rtacha oyligi esa taxminan 3333 dollarni tashkil qiladi. Nyu-Yorkda bir kishi o‘z daromadining 3,8 foizini yo‘lkiraga ishlatadi. Toshkentda bir oylik jamoat transporti abonementi 166 ming so‘m turadi, ya’ni bugungi kurs bo‘yicha 15,4 dollar. Toshkentda jamoat transportida yuradigan aholining o‘rtacha oyligini 200 dollar deb faraz qilgan holda bir kishi o‘z daromadining 7,7 foizini yo‘lkiraga ishlatadi. Yuqoridagi tahlildan Toshkentda yo‘lkira narxi Nyu-Yorkdagiga qaraganda 2 barobarga qimmatroq ekani kelib chiqadi.

«Shuning uchun, menimcha, nafaqat bu, balki shunga o‘xshash hisobotlarning to‘liq matni jamoatchilikka e’lon qilinishi kerak, shunda yuqoridagi savollarga javob topilishi mumkin, biz bekorga havotir olayotgan bo‘lishimiz mumkin», — deya qayd etdi Botir Qobilov.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Botir Qobilov jamoat transportini ataylab zaiflashtirish imkoniyatlar notengligini oshirishi va odamlarni kambag‘allashtirishi haqida yozgan edi.