O‘zbekiston davlat qarzi uchinchi chorakda 1,1 mlrd dollarga ko‘payib, 1 oktabr holatiga 25,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining davlat qarzining joriy holati va dinamikasiga bag‘ishlangan hisobotida ma’lum qilindi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, uchinchi chorak yakuniga davlat qarzining YAIMga nisbati barqarorlashish tendensiyasini saqlab qolgan va yil boshidagi 38,9 foizdan 1 oktabr holatiga 38,4 foizgacha pasaygan.

Vazirlik iyul-sentabr oylarida davlat qarzi qoldig‘ida kuzatilgan o‘sishni «davlat budjeti taqchilligining moliyalashtirilishi», «investitsion loyihalarning amalga oshirilishi» hamda 356,4 mln dollar miqdoridagi davlat qarzining so‘ndirilishi bilan izohlamoqda.

Buning natijasida, hisob-kitoblarga ko‘ra, uchinchi chorakda davlat qarzi tarkibi quyidagicha o‘zgargan:

  • O‘zbekiston nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 897,6 mln dollarga oshgan;
  • davlat kafolati asosida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i 42,2 mln dollarga oshgan;
  • davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat budjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldig‘i 102,2 mln dollarga oshgan;
  • davlat qimmatli qog‘ozlarini (DQQ) bo‘yicha qarzdorlik qoldig‘i 789,2 mlrd so‘mga oshgan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Joriy yil boshidan davlat qarzi hajman o‘sib borayotganligiga qaramay, uning YAIMga nisbati pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda.

Vazirlik izohiga ko‘ra, bunga, asosan, «davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash» borasida amalga oshirilayotgan choralar va «YAIMning real o‘sish sur’atlari oshishi» (ya’ni, YAIM hajmining davlat qarziga nisbatan jadalroq o‘sishi) sabab bo‘lgan. Xususan, iyul-sentabr oyida YAIMning real o‘sish sur’ati 6,9 foizni tashkil etdi, AQSh dollaridagi davlat qarzi qoldig‘i esa 4,6 foizga oshdi.

Shuningdek, 2020 yildan yangi jalb qilinadigan qarz hajmiga yillik limit belgilash amaliyoti qo‘llay boshlandi. Qayd etilishicha, 2022 yilda jalb qilinadigan davlat tashqi qarzlarining chegaralangan hajmi 4,5 mlrd dollar, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan DQQlar cheklangan sof hajmi 6 trln so‘m miqdorida belgilanishi taklif etilgan.

Iyul-sentabr oylarida davlat ichki qarzi qoldig‘i ikkinchi chorakka nisbatan 173,6 mln dollarga oshganligi kuzatilib, 2,6 mlrd dollarni (YAIMga nisbatan 4,0 foiz) tashkil etgan. Shundan DQQ bo‘yicha qarz qoldig‘i — 4,0 trln so‘m hamda davlat kafolati ostida jalb qilingan va davlat budjetidan qaytariladigan ichki qarz qoldig‘i — 2,2 mlrd dollarga teng.

Davlat tashqi qarzi qoldig‘i ham ikkinchi chorakka nisbatan 939,8 mln dollarga ko‘payib, 22,7 mlrd dollarni (YAIMga nisbatan 34,4 foiz) tashkil etgan. Shundan hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i — 16,3 mlrd dollar, davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i — 6,4 mlrd dollarga teng. Ta’kidlash joizki, tashqi qarzning o‘sishi asosan hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘idagi o‘sish hisobiga yuz bergan, uchinchi chorak yakuniga davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldig‘i deyarli o‘zgarmagan.

Uchinchi chorak yakuni bo‘yicha davlat tashqi qarzining qariyb chorak qismi yoki 5,6 mlrd dollar davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 3,1 mlrd dollar elektr-energetika sohasiga, 2,8 mlrd dollar energetika sohasiga, 2,6 mlrd dollar transport va transport infratuzilmasiga yo‘naltirilgan bo‘lib, hisobot davrida o‘tgan ikkinchi chorakka nisbatan aynan shu sohalarga xarajatlar hajmi sezilarli oshgan.

Davlat tashqi qarzi iqtisodiyot tarmoqlari kesimida taqsimlanishi (1 oktabr holatiga). Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan.

«O‘zbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan. Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi», — deyiladi hisobotda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, to‘qqiz oy davomida davlat budjeti va davlat korxonalari mablag‘lari hisobidan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari 1,6 trln dollarni tashkil etdi. Xususan, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 680 mln dollarni tashkil etgan.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi

Hisobotda qayd etilishicha, Fitch Ratings xalqaro agentligi O‘zbekiston davlat qarzi 2021−2023 yillarda YAIMga nisbatan mos ravishda 42 foiz va 44 foizni tashkil etishini, 2023 yilda esa davlat qarzining YAIMga nisbati 59 foizgacha o‘sishini prognoz qilmoqda.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov sentabr oyi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida hukumat tomonidan davlat qarziga YAIMga nisbatan 60% darajasida chegara qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin asl maqsad — ushbu ko‘rsatkichni 45−50% dan oshirmaslik ekanligini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «budjet taqchilligi o‘sganida davlat qarzi ma’lum darajagacha ko‘tarilishi» mumkin, lekin 60 foizlik chegaradan oshmaydi.

Ma’lumot uchun, birinchi yarim yillikda davlat qarzi (1 iyul holatiga) jami 24,2 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 38,5 foizni tashkil etgan edi.

Avvalroq Moliya vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2022 yil yakuniga davlat tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 41 foizni tashkil etishi xabar qilingan edi. Bu haqda vazirlik 2022 yilgi «Fuqarolar uchun budjet» loyihasida ma’lumot bergan.