Respublika bo‘ylab shifoxonalarda O‘RVIga chalingan bolalar uchun qo‘shimcha qariyb 6 ming o‘rin-joy tashkil qilindi, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, oktabr oyidan respublika bo‘ylab bolalar orasida «o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning (O‘RVI) davriy ko‘tarilishi kuzatilayotgani» sababli fuqarolarning tibbiyot muassasalariga murojaatlari hamda «Tez yordam»ga chaqiriqlar soni sezilarli darajada ortgan.

Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda zarur chora-tadbirlar ko‘rilgan. Jumladan, Toshkent shahar shifoxonalarida qo‘shimcha 884 ta, respublika bo‘yicha 5062 ta statsionar o‘rin-joy tashkil etilgan.

25 noyabr holatiga ko‘ra, poytaxt shifoxonalaridagi o‘rin-joylar soni 3521 taga, respublika bo‘yicha esa qariyb 19800 taga yetkazilgan.

«Ayni paytda Toshkent shahar tibbiyot muassasalarida bo‘sh o‘rinlar soni 661 ta, respublika bo‘yicha 4 700 tani tashkil qilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, bolalar orasida O‘RVIning davriy ko‘tarilishi kuzatilayotgani munosabati bilan SSVda ishchi guruhi tuzilib, 13 noyabr kuni Toshkent shahar tibbiyot muassasalarida qo‘shimcha o‘rin-joylar tashkil etilgan.

Ma’lumot uchun, 7−17 oktabr kunlari Toshkent shahar «Tez yordam» xizmatiga bemor bolalar bo‘yicha jami kelib tushgan chaqiriqlar soni 13 ming 820 tani tashkil etganini xabar qilingan edi.