Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Janubiy Afrikada aniqlangan B.1.1.529 shtammini SARS-CoV-2 virusining «xavotirli varianti» deb tasnifladi va u virusning boshqa shakllariga qaraganda tezroq tarqalishi mumkinligini qayd etdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

JSSTning 26 noyabr kuni chaqirilgan favqulodda yig‘ilishi yuzasidan berilgan bayonotga ko‘ra, COVID`ning yangi varianti Omikron (Omicron) deb nomlandi.

Ta’kidlanishicha, mustaqil ekspertlar tomonidan o‘rganilgan dastlabki dalillar yangi shtammda qayta yuqtirish xavfi yuqoriligi va u COVID-19 epidemiologiyasida salbiy o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘lganini ko‘rsatgan.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Janubiy Afrikada virus bilan zararlanish holatlarining keskin o‘sishi, endilikda omikron deb yuritiladigan yangi variant aniqlangan vaqt bilan mos keladi. Xususan, avvalroq Janubiy Afrikaning Gauteng mintaqasida, jumladan, Yoxannesburgda qayd etilgan yangi holatlarning qariyb 90 foizi yangi shtamm tufayli yuzaga kelganligi xabar qilingan edi.

«Yangi variant infeksiya tarqalishining oldingi sur’atlariga qaraganda tezroq sur’atlarda qayd etilmoqda, bu uning o‘sishda ustunlikka ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi», — deya ma’lum qildi JSST.

Shuningdek, amaldagi PZR testlari yangi variantni muvaffaqiyatli aniqlashda davom etayotganligi ta’kidlangan.

«Avvalroq JSST mamlakatlarni COVID`ning yangi varianti bilan bog‘liq sayohat cheklovlarini shoshilinch joriy etishdan ogohlantirib, ular «xatarga asoslangan va ilmiy yondashuv»ni qo‘llashga chaqirgan edi», — deya yozmoqda Reuters.

Qayd etilishicha, Omikronning yuqumliligini, unga qarshi vaksinalar va terapevtik vositalar samaradorligini aniqlash uchun vaqt kerak bo‘ladi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha variantning qayd etilgan holatlari soni 100 taga yetgan.

Mutaxassislar jamoatchilikni imkon qadar niqob taqishda davom etish, ko‘pchilik bo‘lib yig‘ilishga yo‘l qo‘ymaslik, xonalarni tez-tez shamollatish va qo‘l gigiyenasiga rioya qilishga chaqirmoqda.

Ma’lumot uchun, JSST dastlab Janubiy Afrika va Botsvanada aniqlangan va kutilganidan ko‘ra tezroq tarqalayotgan koronavirusning yangi shtammi — B.1.1.529 Sars-Cov-2 deb nomlanuvchi yangi variantini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish chaqirgan edi.