Qashqadaryoda o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etib qidiruvda bo‘lgan shaxs “Xavfsiz hudud” tadbirlari davomida qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 23 noyabr kuni O‘rta Chirchiq tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan bir yildan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.

Qayd etilishicha, 1993 y.t. Sh. Sh. Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 3-qismi (Bosqinchilik) va 25, 97-moddasi 2-qismi “v,d,j,n,o,p” bandlarida (Qasddan odam o‘ldirish aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni; boshqa shaxslarning hayoti uchun xavfli bo‘lgan usulda; o‘ta shafqatsizlik bilan; kishi a’zolarini kesib olib, boshqa kishiga ko‘chirish (transplantat) yoki murdaning qismlaridan foydalanish maqsadida; boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida; bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. U 2020 yilning sentabr oyidan Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan qidiruvda bo‘lganligi aytildi.

“Ushlangan vaqtida fuqaro Sh. Sh. qochishga uringan va ichki ishlar organlari xodimlariga bo‘ysunmay, faol qarshilik ko‘rsatgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda fuqaroga nisbatan jazoning muqarrarligi ta’minlanib, unga nisbatan yuritilgan qidiruv ishi tugatilgan.