Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 63-umumta'lim maktabida tahsil oluvchi 13 yoshli o‘quvchilardan biri homilador ekani aniqlangan. Bu haqda Daryo xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, nashr muxbiri suhbatlashgan bir nechta manba haqiqatan Samarqand shahridagi 63-umumta'lim maktabida 2008 yilda tug‘ilgan o‘quvchi homilador bo‘lib qolganini tasdiqlagan.

“Surishtiruvlarga ko‘ra, qizning homilasi 25 haftalik bo‘lgan. Samarqand shahar hokimligi va boshqa tashkilotlardan maktabga ishchi guruh kelib holatni o‘rganib, muhokama qilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 yoshli homilador qiz bolani tug‘ishini ma’lum qilgan”, — deyiladi xabarda.

Viloyat IIB matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, Samarqand shahar bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro F. D. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.