Toshkentda 12 gektar yer maydonini 1,5 mln dollar evaziga olib bermoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahar Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri noqonuniy daromad olish maqsadida 2 nafar fuqaro bilan kelishadi. Ular tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kirishadi.

Unga plastik trubalar ishlab chiqaruvchi zavod qurishi uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Toshkent viloyatining Zangiota tumani hududidan 12 gektar yer maydoni olib berish evaziga 1 mln 560 ming dollar talab qilishadi.

O‘tkazilgan tezkor tadbiri davomida, ular Toshkent shahridagi restoranlardan birida avans sifatida 50 ming dollarni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Yana bir boshqa holatda Markaziy bankning Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroni hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari orqali 2022 yilning mart oyiga qadar Toshkent shahrida subsidiya hisobidan uy-joy oluvchilar ro‘yxatiga kiritish hamda uy-joy olishida ko‘maklashishni va’da qiladi. Buning evaziga undan 2000 dollar olgan vaqtida DXX, IIV, Toshkent viloyat prokuraturasi hamda Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168- (Firibgarlik) va 28/211-moddalari (Pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.