Andijon viloyatining Asaka tumanida 2020 yilning iyun oyida 9 yoshli qizaloqni o‘ldirishda gumonlangan qo‘shni ayol aybdor deb topilib, unga jazo tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Ma’lum qilishicha, A.X. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) va boshqa moddalar bilan aybli deb topilib, unga nisbatan uzil kesil 12 yil 4 oy 24 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 21 iyun kuni taxminan 18:00 da 2011 yilda tug‘ilgan qizning tanasi o‘z uyida jonsiz holatda topilgan edi. Marhumning ko‘krak-qorin sohasida kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali 16 ta tan jarohati yetkazilgan.

2020 yil iyul oyi avvalida Bosh prokuratura marhuma bilan qo‘shni uyda yashagan A. X. (1997 yilda tug‘ilgan, bir farzandning onasi) qotillikda gumondor sifatida jalb qilingani haqida ma’lumot bergan edi.

Jinoyat ishi yuzasidan guvoh tariqasida so‘roq qilingan bir necha guvohlar fojia sodir bo‘lgan vaqtda A.X.ning qiz yashaydigan uyga uch marta kirib-chiqqanini ko‘rishganini aytgan.