24 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Davlat rahbari 500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun 2022 yilda 100 mln dollar ajratilishini ta’kidladi. Shuningdek, tomorqada dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturi shartlari asosida imtiyozli kreditlar beriladi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni kafolatli xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularni jihozlashga 30 foizgacha subsidiya berilishi ma’lum qilindi. Suv ta’minoti og‘ir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarini qisman qoplashga kelgusi yilda 50 mlrd so‘m ajratiladi.

«Aholi daromadini oshirish va bozorlar to‘kin-sochinligini ta’minlash uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5−6 ta qo‘y va echki, 5 ta asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarur», — deya ta’kidladi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev.

«Hokim yordamchilari mahallada ishlarni shunday loyihalardan boshlashi kerak», deya qo‘shimcha qildi prezident.

Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, tomorqa xizmati korxonalariga ham 300 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi. Samarali ishlayotgan shunday korxonalar negizida tomorqa xizmati klasterlari tashkil etiladi. Ularda ko‘chatchilik issiqxonasi, kichik texnika parki, sovutkichli omborxona, quritish, saralash va qadoqlash kabi xizmatlar jamlanadi.

Tomorqada yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish maqsadida har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etilib, ularga subsidiya beriladi. Suv borishi qiyin tomorqalar va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug‘orish xarajatlarining bir qismini budjetdan qoplash tartibi 2026 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

Yig‘ilishda tomorqa xo‘jaligi sohasidagi loyihalar yangicha mexanizm asosida amalga oshirilishi qayd etildi:

  • hokim yordamchilari tomonidan har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan yetakchi tadbirkorlar aniqlanadi;
  • tijorat banklari tomonidan ushbu tadbirkorlar bilan loyiha ishlab chiqilib, ularga kredit ajratiladi;
  • har bir tumanda yetkazib beruvchi tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, joylarda «mobil tarqatish xizmatlari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • ushbu loyihalarga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratiladi;
  • har bir tumanda veterinariya xizmatlari ko‘rsatish va ozuqa-yem tarqatish, aholini o‘qitish markazlari ochiladi.

Bundan tashqari, Bog‘dorchilik agentligining viloyat bo‘limlari, tumanlarda Meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish bo‘yia ko‘rsatmalar berildi.

Loyiha ofislari intensiv bog‘larni barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlab, ochiq tanlovga chiqaradi; tijorat banklari bilan birga ajratilayotgan kreditlar doirasida meva-sabzavotyailik loyihalarini ishlab chiqadi; ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish, agroxizmatlar ko‘rsatish, mahsulotni sotishni tashkil etishga ko‘maklashadi.

Ma’lumot uchun, 2017 yilning yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi yig‘ilishda kam ta’minlangan oilalarga parrandachilik bilan shug‘ullanishni tavsiya etgan edi. «Respublika bo‘yicha, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda qishloqda yashovchi har bir xonadon 100 tadan tovuq boqishga majbur. 100 ta tovuq eng kamida kuniga 50 ta tuxum beradi. 10 tasini o‘zi yeb, har kuni 40 tadan tuxum sotsa, kam ta’minlangan oila bo‘lmaydi. Bu ertangi iqtisodiyotimizning barqarorligi», degan edi u.