2022 yilda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 33,5 mlrd dollarni tashkil etishi kutilmoqda

2022 yil yakuniga umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd dollar yoki YAIMga nisbatan 45,2 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shundan, davlat tashqi qarzi 30,4 mlrd dollarni yoki YAIMga nisbatan 41 foizni tashkil etadi. 2022 yilda kutilayotgan budjet taqchilligining 66 foizi tashqi manbalar hisobidan qoplanishi mo‘ljallanmoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston Milliy gvardiyasi o‘rtasida hamkorlik rejasi imzolandi

Tojikiston Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general-leytenant Bobojon Jamolzoda boshchiligidagi delegatsiya ilk bora O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Uning doirasida 2022 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama amaliy hamkorlik rejasi imzolandi.

O‘n oyda 57,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan

Yanvar-oktabr oylarida yirik korxonalar tomonidan 57,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,9 mlrd kVt soatga yoki 9,4% ga o‘sgan. Avvalroq Energetika vazirligi suv tanqisligi tufayli mamlakat GESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 23 foizga kamayganligini ma’lum qilgan edi.

O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida elektron chiqindilar bo‘yicha yetakchilardan biri — BMT

BMT ekspertlari MDHning 11 davlati va Gruziyadagi elektron chiqindilar bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqdilar. Unga ko‘ra, ushbu hududlarda so‘nggi o‘n yil ichida poligonlarga tushadigan elektron chiqindilar miqdori 1,5 baravar oshgan. Ularning aksariyati Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston va O‘zbekistonda. Bu yerda elektron chiqindilarning atigi 3,2 foizi qayta ishlangan.

IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini osonlashtirish kerak — Sherzod Shermatov

AKT vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlashicha, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerak. “Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur”, — dedi u.

XTV rahbari: “Ota-onalar hamda bolalarning kelajakka ishonchini uyg‘otish — bizning qo‘limizda”

Yangi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar va ota-onalarga murojaatini e’lon qildi. Unda u butun xalq kelajagiga daxldor sohaning ulkan mas’uliyatini ta’kidladi. “Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q”, — dedi vazir va barchani taklif va mulohazalarni yuborishga chaqirdi.

Nukusda talaba is gazidan zaharlanib, vafot etdi

Nukusda ijarada yashovchi talaba xonadondagi isitish qozoni otashxonasidan chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etganligi aniqlandi.

Talabalarga kontraktini to‘lab bergan hokimliklar reytingi e’lon qilindi

Iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning kontraktlarini to‘lab bergan eng faol hokimliklar reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi eng ko‘p talabalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talaba — 662, mln so‘m).

Yangihayot tumanining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uziladi

25 noyabr kuni Toshkent shahar Yangi hayot tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Tarmoqda ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan, tumandagi ayrim MFYlar, tadbirkorlik subyektlari, maishiy obyektlar va aholi iste’molchilari soat 11:00 dan 16:00 gacha vaqtincha ta’minotdan uziladi.

“Har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5−6 ta qo‘y va echki, 5 ta asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarur” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident raisligidagi yig‘ilishda 500 ming gektarlik tomorqalardan foydalanish uchun 100 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, quyon, qo‘y, echki, asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun subsidiyalar, garovsiz kreditlar ajratiladi, har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etiladi.

Turkmaniston bilan chegaradagi ikkita nazorat punktlari faoliyati tiklanmoqda

O‘zbekiston va Turkmaniston 26 noyabrdan boshlab kontaktsiz yuk tashish yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan “Xo‘jayli” va “Shovot” chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini tiklash ustida ishlamoqda.

OTB Toshkent viloyatida suv ta’minotini yaxshilash uchun $161 mln ajratmoqda

Osiyo taraqqiyot banki Toshkent viloyatida suv ta’minoti tizimini yaxshilash uchun 161 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda. Loyiha doirasida Ohangaron, Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq, Yangiyo‘l va Chinoz shaharlarining markazlashgan oqava suv tizimlarini modernizatsiya qilinadi. Chinoz, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlaridagi 70 ta qishloq aholi punktlarida 136 ming nafar aholiga septiklar o‘rnatilib, markazlashtirilmagan kanalizatsiya tarmoqlariga kirishi ta’minlanadi.

O‘zbekistonda yangi Silk Avia aviakompaniyasi tashkil etilmoqda

Uzbekistan Airports Silk Avia hududiy sho‘'ba aviakompaniyasni tashkil etmoqda. Yangi aviakompaniya viloyatlar o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirib, chipta narxlarini “temiryo‘l chiptalari bilan mos” qiladi. Uzbekistan Airports birinchi bosqichda boshqaruvchi kompaniya bo‘ladi. Keyinchalik aviatashuvchi xususiy sektorga o‘tkaziladi.

“Gazeta.uz"da chiqqan fotomateriallar:

Toshkent viloyatida GES qurish uchun Pskom daryosi yo‘li yopildi — fotoreportaj

Bo‘stonliq tumanida “Pskom GES"ning to‘g‘onini qurish uchun daryo yo‘li yopildi. Endilikda Pskom daryosi suvi yer osti tunneli orqali o‘tkaziladi. GES loyihasi 2026 yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi va yiliga 946 mln kVt soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Pskom daryosi yo‘lini to‘sishga bag‘ishlangan tadbirdan “Gazeta.uz” fotoreportaji.