25 noyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida «O‘zbekgidroenergo» AJ tomonidan qurilayotgan «Pskom GES»ning birinchi to‘siq darvozasi yopilib, Pskom daryosi yo‘li to‘sib qo‘yildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Ushbu tadbirda «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, qurilish vaziri Botir Zokirov ham qatnashishdi.


Botir Zokirov (chapda) va Abdug‘ani Sanginov (o‘ngda). Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz»

«Pskom GESi noyob va murakkab loyiha hisoblanadi. Geologik qidiruv ishlarining o‘ziga 2,5−3 yil ketdi… Chorvoq suv omborimiz to‘g‘oni 167 metr, To‘palang to‘g‘oni 187 metr, Pskom suv ombori to‘g‘oni esa 200 metr bo‘ladi. Bu jahonning eng yirik to‘g‘onlari o‘ntaligiga kiradi degani», — deya ta’kidladi Abdug‘ani Sanginov. «Eng muhimi xavfsiz bo‘lsin», deya qo‘shimcha qildi u.

Tadbir avvalida Qur’on tilovat qilinib, GES xavfsiz va faqat foyda keltirishi uchun qo‘llar duoga ochildi.


Prezidentning tegishli qarori bilan uzunligi 73 km bo‘lgan Pskom daryosida umumiy quvvati 1320 MVt va yillik ishlab chiqarish 3140 mln kVt soatga teng 5 ta yirik GES qurish ko‘zda tutilgandi.

Shulardan biri Pskom GES hisoblanib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km uzoqlikda, Chorvoq suv omboridan 45 km yuqorida joylashgan. GES quvvati 400 MVtga yetadi.


Pskom daryosi gidro salohiyatidan foydalanish maqsadida texnik iqtisodiy asosnoma dastlab 1987 yilda ishlab chiqilgan.

2018 yilga kelib esa «Gidroproyekt» AJ tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriq asosida mahalliy va xorijiy tashkilotlar tomonidan qidiruv-tadqiqot ishlari olib borildi. Loyihaning geologiya asosnomasi va geologik qidiruv materiallari Rossiyaning «Lengidroproyekt» tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, tegishli xulosa berilgan. Qolaversa, loyihaning texnik yechimlari Germaniyaning «Tractebel Engineering GmbH» xalqaro injirining kompaniyasi xulosasi asosida ham olingan.

Shuningdek, Rosssiyaning «Ingeoproyekt» tashkiloti tomonidan Pskom daryosi tubida burg‘ulash ishlari olib borildi.


Pskom suv ombori to‘la hajmda 511,2 mln metr kubni, undan olinadigan samarali suv esa 468,9 mln metr kubni tashkil qiladi. Loyiha doirasida 799,6 mln dollarga teng investitsiya o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha murakkabligi jihatidan kelib chiqib, ikki bosqichda amalga oshirilishi belgilangan.

Birinchi bosqichda, 2018−2021 yillar mobaynida 412 mln dollarga teng obyektlarni qurish, jumladan, gidrotexnika inshootlari, yer osti suv o‘tkazuvchi tunnellar, GES binosi va 260 kmlik elektr energiyasini uzatish tarmoqlari hamda infratuzilma obyektlarini qurish ishlari bajarilmoqda.


Ikkinchi bosqich, ya’ni 2022−2026 yillar mobaynida 387,6 mln dollarga teng bo‘lgan to‘g‘on qurish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Mazkur to‘g‘onni barpo etish yuzasidan Pskom GESning birinchi to‘siq darvozasini yopilib, Pskom daryosi suvining yo‘li to‘sildi.

Endilikda Pskom daryosi suvi oqib o‘tishi uchun qariyb 10 metrni tashkil etuvchi yer osti tunneli orqali o‘tkaziladi. Bu vaqtda esa yirik suv ombori to‘g‘onini qurish ishlari olib boriladi.

Loyiha 2026 yilda to‘liq foydalanishga topshiriladi hamda yiliga o‘rtacha 946,1 mln kVt soat elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar yaratiladi. O‘zA yozishicha, GES quvvati yiliga 300 ming tonna shartli yonilg‘i o‘rnini bosadi. Bu bilan 250 million kub metr tabiiy gazni tejab qolish mumkin.

Foto