2022 yilda Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi oyiga 5341 rubldan yoki 770,9 ming so‘mdan (O‘zbekiston Markaziy Bankining 2021 yil 25 noyabrdagi kursi bo‘yicha) 5900 rubl yoki 851,6 ming so‘mgacha oshiriladi. Bu haqda Moskva shahar iqtisodiy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Kirill Purtov xabar berdi.

Agar 2020−2021 yillarda xorijiy ishchilar, jumladan o‘zbekistonliklar ham, patent uchun 5341 rubl to‘lashgan bo‘lsa, keyingi yildan ushbu hujjat uchun 5900 rubl to‘lash kerak bo‘ladi.

2021 yilning birinchi yarmida mehnat migrantlari uchun an’anaviy bo‘lgan sanoat tarmoqlari, jumladan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida rasmiy ish haqi 2020 yilga nisbatan 9,5 foizga oshdi, deyiladi Moskva hukumati xabarida.

Patent narxlarining oshishi mehnat migrantlari uchun soliq yukini tenglashtirish va Rossiya mehnat bozorida ish o‘rinlarini himoya qilishga yordam berishi aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, mazkur qaror doirasida qo‘shimcha budjet daromadlari taxminan 1,7 milliard rublni (22,8 mln dollar) tashkil qiladi.