Yanvar-oktabr oylarida yirik korxonalar tomonidan 57,1 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, deya xabar qilmoqda Davlat statistika qo‘mitasi.

Qo‘mita hisob-kitoblariga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 4,9 mlrd kVt soatga yoki 9,4% ga o‘sgan.

Ta’kidlash joizki, bu mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida kuzatilgan eng yuqori o‘sish bo‘lib, 2011−220 yillarda mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmida o‘rtacha yillik o‘sish 2,5% ni tashkil etgan. Eng yuqori yillik o‘sish 2020 yilda kuzatilgan — 2019 yilga nisbatan 4,7%.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan.

So‘nggi yillarda mamlakatda yalpi elektr energiya iste’moli o‘sish tendensiyasini, aholi jon boshiga elektr energiya iste’moli esa kamayish tendensiyasini namoyon qilmoqda. 2018 yilda aholi jon boshiga elektr energiya iste’moli keskin o‘sgani holda, yalpi elektr energiya iste’molida 2017 yilga nisbatan pastroq o‘sish kuzatilgan. 2019−2020 yillarda aholi jon boshiga elektr energiya iste’moli kamaygan, yalpi iste’mol o‘sish sur’atlari esa nisbatan tezlashganini ko‘rish mumkin.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida «Gazeta.uz» tomonidan tayyorlangan.

Avvalroq Energetika vazirligi ayrim hududlarda elektr energiyasi ta’minotida kuzatilayotgan qisqa muddatli uzilishlarga izoh berar ekan, suv tanqisligi tufayli mamlakat GESlarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 23 foizga kamayganligini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilgi kuz-qish mavsumida iste’molchilarga o‘tgan mavsumga nisbatan 12,5 foizga ko‘p elektr energiyasi yetkazib berish ko‘zda tutilgan.