«Talabaga madad» talaba-yoshlarning kontraktini to‘lab, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng faol hokimliklar reytingi e’lon qilindi, deb xabar berdi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev.

Iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qaysi «tuman-shahar hokimlari eng faol ekani», hududlarga nisbatan eng ko‘p talabaga yordam bergan hokimlar reytingini shakllantirildi.

Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi eng ko‘p talabalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talaba — 662, mln so‘m). Eng ko‘p kontrakt miqdorini esa Navoiy shahri hokimligi to‘lagan (176 nafar talabaga — 807,2 mln so‘m).

«Talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur tizimni tushunib, yoshlar bilan ishlashga harakat qilib, ularning muammolarini tinglagani, talabalarga ilm olishida ko‘mak bergani uchun ushbu hokimliklarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz! Bu tizimni yanada takomillashtirish ustida ishlayapmiz, jarayon hali davom etadi», — deb yozadi Alisher Sa’dullayev.

«Respublika bo‘yicha 6 ta tumanda loyiha doirasida murojaat qilgan talabalarning birortasiga kontrakt pullari to‘lab berilmagan. Yoshlarning manfaati uchun bu bo‘yicha tegishli choralarni ko‘ramiz», — deya qo‘shimcha qildi u.